Breaking News

Markaziy Osiyo ittifoqi O'zbekiston ishtirokisiz tuzilishi mumkinmi?


Qozog`istondagi Yevrosiyo mediaforumida global mavzular tilga olingan. Unda dunyoning mashhur siyosatchilari, ekspertlari ishtirok etmoqda.

Forumda nutq so`zlagan Nursulton Nazarboyev mintaqa xafsizligini ta`minlash, integratsiya jarayoni, global inqiroz tahdidi, G`arb va Sharq o`rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan bir necha takliflar yangragan.

Qozog’iston prezidenti ta’biricha, bu taklif ayrim davlat yetakchilari tomonidan tushunmovchilik bilan qarshi olingan bo`lsa-da, ittifoq mintaqadagi har bir davlatga foyda beradi va istiqbolli g`oya sifatida kun tartibida qoladi.

Qozog`istonda rasmiy tashrif bilan bo`lgan Islom Karimov mintaqa davlatlarining rivojlanish sur’ati farqli bo’lgani bois O`zbekiston Markaziy Osiyo iqtisodiy ittifoqiga qo`shila olmaydi dedi.

Sharhlovchilar, aksincha, Markaziy Osiyo ittifoqi mintaqa davlatlari, jumladan, O`zbekistonning rivojlanishi uchun xizmat qilishini ta`kidlamoqda.

“Dunyo davlatlari umumiy bozor yaratib, vizalardan voz kechish, ishchi kuchi, texnologiyalarning erkin harakatlanishiga yo’l berish orqali taraqqiyotga erishayapti. Bunga Yevropa Ittifoqi misol. Yoki Amerika qit’asi, arablarning birlashmalari. Ular mamlakatlar rivojiga katta hissa qo`shayapti,” - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari Po`lat Oxunning aytishicha, mintaqa ittifoqi O`zbekistonda ehtiyoj bor va bu amalga oshishi muqarrar bo’lgan g`oya.

“Shunisi aniqki, kelajakda O`zbekiston hukumatiga yangi odamlar kelgandan keyin bu g’oya albatta amalga oshadi, chunki mintaqa uchun, turkiy xalqlar uchun bu juda muhim. Hozirgi sharoitda buning imkoniyati yo’qqa o`xshaydi, hatto shu g`oya tarafdorlari ham katta to`siqlar bilan yuzlashmoqda,” - deydi Po`lat Oxun.

Islom Karimovning Qozog`istonga tahsrifi yakunlangach, O`zbekiston Adliya vazirligi mamlakatdagi Qozoq madaniyat markazi yopilishi mumkinligini ma’lum qildi. Vazirlik markaz o`z faoliyati davomida qonunchilikni buzgan demoqda.

Qozoq madaniyat markazi rahbari Useyin Asqarov markaz tekshirilishi rejaga ko`ra amalga oshganini, bu masalaning hozir ko`tarilishi rasmiy tashrif bilan bog’liq emasligini bildiradi.

Sharhlovchilar markazning bosimga olinishi bevosita O`zbekiston prezidentining Qozog`istonga tashrifi bilan bog`liq deb hisoblaydi.

“Prezident o`z maqsadiga erishmagani, tashrif muvaffaqiyatsiz tugagani uchun shunday bo`layapti. Qozog`iston bug`doyini, unini sotib olish bo`yicha bir qarorga kelinmagach, uchrashuv natijasiz tugadi,” - deydi muxolifat vakili Po`lat Oxun.

Komron Aliyevning aytishicha, tashrif qanday o`tganidan qat`iy nazar muloqot uchun imkoniyat qoldirgan.

“Suv resurslaridan foydalanish, qo`shimcha suv omborlari qurish, gidroelektrostansiyalar taqdiri kabi masalalar haqida gap bo`lgan. Shu kabi iqtisodiy masalalar hal bo`ladi va kejakdagi muloqot uchun imkoniyat qoldiriladi,” - deydi sharhlovchi.

Iqtisodchi Jahongir Shosalimov munosabatlar keskinlashishidan faqat oddiy xalq aziyat chekadi deydi.

“O`zbekistonda ishsizlar ko`p, Qozog`istonda yaxshi haq to`lanadi. Meva-sabzavotlar, ko`katlar Qozog`iston orqali o`tib, aholining kam ta`minlangan qismiga daromad keltirardi. Kam ta`minlanganlar shu daromad ilinjida,” - deydi Shosalimov.

O`zbekiston va Qozog`iston erkin savdo muhiti yaratish masalasini muhokama qilgan. Sharhlovchilarning aytishicha, bu tashabbus shunchaki siyosiy deklaratsiya uchun qilingan bayonot, xolos.

XS
SM
MD
LG