Breaking News

Jon Makkeyn: AQSh xavfsizligi birinchi o'rinda


Senator Jon Makkeyn (John McCain) tashqi siyosatga kelganda "hushyor va mulohazali amaliyotchiman" deydi.

Sobiq harbiy, Vietnam urushi qahramoni Makkeynga xavfsizlik bobida teng keladigani yo'q.

Respublikachi nomzod amaldagi prezident Jorj Bushning Iroqdagi siyosatini qo'llab-quvvatlaydi.

"Iroq tinchimaguncha bu mamlakatni tark eta olmaymiz. Urush ko'p kasofat narsa – buni juda yaxshi bilaman. Lekin Iroqda ishni yakuniga yetkazmasak, oxiri voy bo'ladi",- deydi Makkeyn.

Senator Makkeyn demokrat raqibi Barak Obama bilan urush mavzusida tortishib keladi. Obama, agar g'olib chiqsa, Iroqdan AQSh qurolli kuchlarini olib chiqishini ta'kidlaydi.

Makkeyn Obamaning AQShga dushman davlatlar, jumladan Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod va Kuba rahbari Raul Kastro bilan to'g'ridan-to'g'ri gaplashish taklifini ham kulgu qilmoqda.

Piter Beinart, Vashingtonda tanilgan siyosatshunos fikricha, AQShning harbiy salohiyatiga tayanib ish tutish va ehtiyotkorlik – Makkeynga xos xususiyatlar.

"Jon Makkeyn konservativ siyosatni olg'a suradi",- deydi Piter Beinart. "Dunyoga hamkorlik va hamjihatlik nuqtai nazaridan emas, balki manfaatlar to'qnashuvchi joy deb biladi. Tabiiyki, harbiy tahdidlar doimo uning diqqat markazida".

Bu shundan dalolatki, deydi Barak Obama, Makkeyn saylansa Jorj Bushning siyosatini davom ettirishga shaylanmoqda.

"Bush bilan ishim yo'q. Men vatan xizmatidagi odamman",- deydi Makkeyn.

Vashingtondagi yana bir siyosiy sharhlovchi Xell Deyl nazarida Iroq va Afg'onistonda g'alaba qilishga keldanda Makkeyn Bush bilan hamfikr. Vaholanki Makkeynni u yoki bu partiyaga sodiq deyish qiyin.

"Makkeynga partiyaviy xarakteristika berish mushkul vazifa, sizga aytsam. Ba'zi hollarda u konservatizmdan yiroq",- deydi Xell Deyl.

"Balki har bir masala bo'yicha tutgan pozitsiyasiga qarab baho berish to'g'riroq bo'lar. Iroq, Afg'oniston va demokratiya targ'iboti mavzularida Makkeynni neo-konservatorlar safiga qo'shish mumkin. Ular Amerika dunyoda yetakchilik qilishi kerak deb ishonadi. Lekin iqlim o'zgarishi, Yevropa Ittifoqi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka kelganda Makkeyn liberal siyosat tarafdori".

Makkeynning ba'zi qarashlari respublikachilardan farq qiladi. U har masalaga alohida yondashuvchi siyosatchi sifatida tanilgan.

"Qizig'i shundaki",- deydi sharhlovchi Xell Deyl, "Makkeyn beixtiyor ko'p-tomonlama hamkorlikka talpinadi".

"Lekin tasodifni qarangki, saylov kampaniyasida uning qo'lida neo-konservatizmni olg'a suruvchi maslahatchilar ko'p. Aytish joiz, Makkeyn mustaqil fikrlovchi arbob. O'ziga yarasha bir dunyo",- deydi Xell Deyl.

Jon Makkeyn harbiy xizmatlari va kuchli shaxsiyati bilan ham respublikachilar, ham demokratlar hurmatini qozongan. Oq uy uchun poygada tajribasini saylovchilarga qayta-qayta eslatmoqda.

Oxirgi marta Makkeyn Toshkentda 2005 yilning iyun oyida bo'lgan. Prezident Islom Karimov bilan uchrashmagan, ammo Andijon fojialarida hukumatni keskin tanqid qilgan.

Makkeyn Karimovni yakkahokim deb biladi va hatto rasmiy Toshkentga Andijon voqealari ketidan Yevropa Ittifoqi singari sanksiyalar qo'yishni ham taklif qilgan edi.

XS
SM
MD
LG