Breaking News

Kongress yonilg'ining muqobil manbalarini rivojlantirishga chaqirmoqda


Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarish hajmini oshirishi mumkin. AQSh Kongressi esa mamlakatning xorijiy yonilg’i manbalariga tobeligini kamaytirish kerak demoqda.

Saudiya Arabistoni Neft sanoati vaziri Ali al-Naimining aytishicha, qirollik bozordagi talabga qarab neftni ko’proq ishlab chiqara boshlaydi.

AQSh Kongressi Vakillar Palatasining Energetika mustaqilligi bo’yicha qo’mita raisi Edvard Markining aytishicha, bu jahon bozorida neft narxining arzonlashishiga olib kelmaydi.

Kongressmen Marki yonilg’i inqirozida 12 yil Kongressni boshqargan respublikachilarni ayblamoqda. Shu davr mobaynida AQShning xorijiy neftga tobeligi 46 dan 61 foizga oshdi. Yonilg’ining muqobil manbalariga esa e’tibor qaratilmadi, deydi u.

2006 yilgi saylovlardan so’ng Kongress boshqaruvi demokratlar qo’liga o’tgan.

Muammoni hal qilish uchun prezident Bush va respublikachilardan prezidentlikka nomzod Jon Makkeyn AQShning o’zida neft ishlab chiqarishni ko’paytirishga chaqirmoqda. Demokratlar bunga qarshi.

Respublikachi senator Key Bayli Xatchison fikricha, buni taklif va talab taqozo etadi, demokratlar esa bunga g’ov bo’lmoqda.

AQSh neft instituti rahbari Red Keyvni bu taklifga qo’shiladi. Uning aytishicha, yonilg’ining qimmatlashishida asosan neft savdogarlari aybdor.

Boshqa mutaxassislar fikricha esa, Qo’shma Shtatlar yonilg’ini tejaydigan avtomobil sanoatiga yetarlicha sarmoya ajratmayapti.

Bugun jahon bozorida 1 barrel neft 136 yarim dollarga ko’tarildi. Bu o’tgan yilgi narxlardan ikki baravar ko’p.

XS
SM
MD
LG