Qozog'iston va O'zbekiston erkin savdo hududini tashkil etish yuzasidan muzokara boshlagan.
Sharhlovchilar fikricha ikki davlat orasida erkin bozor muhitining qaror topishi mintaqa integratsiyasi
uchun ham muhum turtki bo'ladi.
Qozog'iston bosh vaziri o'rinbosari Umrzoq Shukuyev Toshkentda O'zbekiston bosh vazir o'rinbosari Rustam A'zimov bilan masalani muhokama qilgan.
Umumiy bozor yaratish rejasi prezident Islom Karimovning Ostonaga tashrifi chog'ida ham ta'kidlangan edi.
Hozirda
bu maqsadda hukumatlararo ishchi guruh
tuzilgan. Uni O'zbekiston tomondan Rustam Azimov, Qozog'iston
tomondan Umurzoq Shukiyev boshqarmoqda.
Muzokara tafsilotlari hali aniq emas, ammo shu ma'lumki, Qozog'iston
nazarida erkin savdo nafaqat boj to`lovlarini
cheklashi, balki aksiz markalarini tartibga keltirishi, migratsiya, investitsiya va chegaradan o'tish jarayonini ham yengillashtirishi lozim.
Sharhlovchilar rasmiy Toshkent bilan yuqoridagi masalalarda bir kelishuvga kelish qiyin bo'ladi degan fikrda.
Misol tariqasida O'zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati doirasidagi bir necha bitimlarni hamon imzolamagani keltiriladi.
Muxolifatdagi "Birlik" partiyasi raisi o'rinbosari Po'lat Oxunga ko'ra, bu kabi qarashlardan qat`iy nazar umumiy bozor yaratish harakati e'tirofga loyiq.
"Biz hamisha yonma-yon yashaganmiz. Tabiatan shunday munosabatlar boshlanishi kerak o'zi. Qozog'istondan qo'shimcha investitsiya kelib, yangi ish joylari paydo bo'ladi. Bu harakat O`zbekiston iqtisodini ijobiy tomonga burishiga ishonaman", - deydi Oxun.
Lekin, deydi Oxun, erkin savdo hududi yaratish rejasi ikki davlat rahbarlarining shaxsiy ambitsiyalariga taqalmasligi kerak.
"Rahbarlar shunchaki yuzaki emas, haqiqatdan chuqur ishonch bilan bunga yondashayotganini ko`rsatsa, bu nafaqat Qozog'iston va O'zbeiston, balki butun mintaqada shunday hudud tashkil qilish uchun yo'l ochishi mumkin", - deydi Po`lat Oxun.
Qozog'iston
va O'zbekiston o`rtasida erkin savdo hududini yaratish jarayoni shu yil
oxiriga qadar yakunlanishi ko'zda tutilgan.
Yaqinda Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasidagi asosiy chegara posti "G'isht ko'prik" uchastkasi ta'mirlash uchun yopildi. Uchastka yil yakuniga borib yangi shart-sharoitlarga ko'ra ish boshlashi kutilmoqda.