Xalqaro hisobotlarga ko'ra jahon bo’ylab sodir etilayotgan xurujlarning aksariyati al-Qoida tomonidan uyushtirilmoqda.
Boshqalar fikricha esa al-Qoidadan ko’ra kichikroq va tarqoq mahalliy radikal guruhlar ko'payib bormoqda.
Uzoq yillar Osama bin Laden faoliyatini kuzatgan, ammo uni tuta olmagan maxsus guruhning sobiq rahbari Maykl Shuerning aytishicha, al-Qoida tizimida katta o’zgarishlar ro’y bergan.
"Al-Qoida va unga aloqador guruhlarni butunlay yo’q qila olmaganimiz uchun ular
shaklini va ish uslubini o’zgartirdi. Bundan tashqari al-Qoida ishlari va
mafkurasidan ilhomlangan ko’plab maydaroq guruhlar bor. Ular ham xavf
tug’dirmoqda",- deydi Shuer.
"Agar bin Laden yoki uning o’rinbosari Ayman al-Zavohiriy chiqishlariga e’tibor
bersangiz, al-Qoidaning maqsadi jang qilish emas, balki jahon bo’ylab
musulmonlarni oyoqqa turg’izib, xurujlarga ilhomlantirish", - deydi Markaziy
Razvedka Boshqarmasining sobiq agenti.
Boshqarmaning sobiq tahlilchisi Mark Segman fikricha esa al-Qoida ta’siri ostida
vujudga kelayotgan radikal guruhlar a’zolari terrorchilarning oldingi avlodiga
qaraganda ancha savodsiz.
"G’arb islom dini bilan urush qilmoqda degan gaplar ularga qattiq ta’sir
qiladi. Masalan, Iroqdagi voqealarga qarab ular islom diniga qarshi keng
miqyosda fitna bor deb hisoblaydi".
Mark Segmanning aytishicha, mahalliy terror guruhlariga qarshi kurashish oson
emas.
"Oldin biror xurujni fosh qilib uning tashkilotchilarini bittada qo’lga tushirsa
bo’lar edi. Hozir ish ancha qiyinlashgan. Ular hamma joyga tarqab ketgan. Men
buni “rahbariyatsiz jihod” deb atayman", - deydi Segman.
Tahlilchilar nazarida ko’p hollarda xuruj ortida kim turganini bilish oson
emas. Al-Qoidami yoki bironta mahalliy guruhmi. Shunga qaramay, deydi
aksil-terror markazi rahbari Maykl Leyter, al-Qoida AQShga qarshi yangi
xurujlar tayyorlash niyatidan qaytmagan.