AQSh prezidentligiga nomzodlar Jon Makkeyn va Barak Obama har kuni saylovchilar bilan uchrashib, mamlakat oldida turgan muammolarga o'z yechimini taklif qiladi.
AQShning oqsayotgan iqtisodiyoti – saylovda bosh mavzu.
"Iqtisodiy o'sishni ta'minlash, ish joylari yaratishga qaratilgan reja taklif qilaman",- deydi Makkeyn.
"Prezident bo'lsam o'rtahol oilalar kamroq soliq to'laydi, ularning og'irini
yengil qilay deyman,"-deydi Barak Obama.
Nomzodlar xalq iqtisodiy jihatdan qiynalayotganini, ko'pchilik uy-joyidan
ayrilayotganini yaxshi biladi.
Masalan, Maykl Beyli Pensilvaniya shtati, Luistaun shahrida o'z restoraniga ega. Qimmatchilik biznesning beliga tepmoqda, narxlarni ko'tarishga to'g'ri keladi, deydi u.
"Yigirma-uch kiloli bir xalta un 13 dollardan 26 ga, so'ng 36 dollargacha
ko'tarildi. Atigi bir necha hafta ichida. Shubhasiz, bir chora ko'rmasa
bo'lmaydi. Hammaning og'zida shu gap",- deydi Beyli.
Demokrat Xezer Suloff esa kichik tadbirkor. Benzin narxiga bir qarang, haydovchilar hamyoniga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda deydi.
"Neft narxini tushirish kerak. Odamlar cho'ntagi ko'tarmayapti, axir. Ishga qatnash uchun har kuni avtomobil minadiganlar haqida o'ylang",- deydi Suloff.
Alabama shtatidan Pamela Skott bir qarorga kelib bo'ldim, yosh va uddaburo senator Barak Obamaga ovoz beraman deydi.
"Iqtisod jar yoqasida, banklar odamlardan uylarini tortib olayapti. Amerikani ishsizlik, tushkunlik qamrab olgan. O'zgarishga tayyormiz",-deydi Skott.
G'arbiy Virjiniya shtatidan Stiv Millerning ham o'z biznesi bor. Benzin narxi oshgan sari ishning mazasi yo'q, mijoz yo'q deya noliydi.
"Benzin 10 sentga oshsa, doimiy mijozlarimning 2-3 tasi ko'rinmay qoladi. Jiddiy gapiryapman",- deydi Miller.
Xullas, iqtisodiy qiyinchiliklar prezident saylovlarida bosh mavzu ekani aniq. Lekin boshqa mavzular ham bor. Virjiniya Universiteti olimi Larri Sabato:
"Asosan xalqaro mavzular: Iroqdagi ahvol, Afg'oniston va umuman terrorizmga qarshi kurash. Bundan tashqari, saylovga ta'sir ko'rsatuvchi uchinchi darajali masalalar ham bor – iqlim va tabiat, ta'lim".
22-yoshli Ayan Gallaxer universitetda o'qiydi. Respublikachi senator Jon Makkeynga ovoz bermoqchi. Davlat xavfsizligi va terrorga qarshi kurash mavzularida unga tenglashish qiyin.
"Xavfsizlik va mudofaani birinchi o'ringa qo'ygan bo'lardim. Bizga hujum
qilishga urinib kelayotgan yovuz niyatli kishilarni qo'lga olish, qayerda
bo'lmasin ta'qib qilish kerak. Kim prezident bo'lmasin, demokratiya va
erkinlikka ham urg'u bersin",- deydi Yan.
Ommaviy so'rovlar shuni ko'rsatmoqdaki Iroqdagi urush haqida fikrlar tarqoq. Allison Bab bo'lg'usi prezident askarlarni Iroqdan olib chiqishini istaydi.
"Iroqda xizmat qilayotgan do'stlarim, tanishlarim bor. Qaytsin ular uyga",- deydi Bub.
84-yoshli Jeff Bouman G'arbiy Virjiniya shtatida tadbirkorlik bilan shug'ullanadi. Qaysi nomzodga ovoz berishga hayronman, bir qarorga kelganim yo'q deydi.
"Iqtisod va ta'lim. Shu ikki mavzu men uchun muhim. Savodsiz jamiyatda demokratiya yemiriladi",- deydi Bauman.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'lgan boshqa ko'plab fuqarolar sog'liqni saqlash tizimi, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va immigratsiya kabi mavzularni ham tilga oldi.