Breaking News

AQShda havo mavjlarini siyosiy reklamalar egallamoqda


4 noyabr, saylov kuni kuni yaqinlasharkan, prezidentlikka nomzodlar Jon Makkeyn va Barak Obama o’zaro hurmat haqidagi gaplarni chetga surib, bir-birining shaxsiyatini qoralashga o’tgan.

Nomzodlari havo mavjlarini siyosiy reklamaga to’ldirib, omma ko’nglini ovlash uchun millionlab dollar sarflashga tayyor.

Obama tinimsiz efirga uzatilayotgan reklamalaridan birida shunday deydi:

"Amerikaga xalqni birlashtira oladigan rahbar kerak. Men, Barak Obama, prezident etib saylansam, o'zgarish so'zi faqatgina shior bo'lib qolmaydi."

Mana deyarli ikki yildirki, saylov kampaniyalari ommani "o'zgarish", "islohot" kabi so'zlar bilan o'ziga jalb etishga urinmoqda.

Makkeynning reklamalaridan biri quyidagicha:

"Siyosatchilarni tanlaganda adashmang. Vashingtonda siyosiy muhitni mana biz yangilaymiz. Makkeyn-Peylin."

Ommani unga ovoz berishga ko'ndirish uchun nomzodlar ixtiyoridagi barcha vositalarni ishga soladi.

Saylovoldi reklamalari, tabiiyki, xolislikdan yiroq. Shu bois nomzorlar bir-birini tuhmatda ayblaydi va o'z tashviqotida raqibni iloji boricha salbiy ruhda aks ettiradi.

Respublikachi Jon Makkeyn kampaniyasi tayyorlagan mana bu reklama demokrat Barak Obamani yolg'onlarda ayblaydi:

"Obama Makkeynning siyosiy-iqtisodiy dasturini noto'g'ri talqin qilishga urinmoqda. Maqsadi saylovchini chalg'itish".

Obamaning reklamasiga ko'ra esa Makkeyn poygani allaqachon boy bergan va muhim mavzular haqida gapirishdan bosh tortmoqda.

"Jon Makkeyn Barak Obamani uydirma gaplar bilan yakson qilmoqchi. Saylovda iqtisodiyot bosh mavzu bo'lib qolaversa, Makkeyn yutqazishini yaxshi biladi. Kampaniyasi buni tan olgan".

AQSh bugun milliardlab dollar qarzga botgan. Saylovchilar tabiiyki vaziyatdan norozi. Obama fikricha Makkeynning oddiy amerikaliklar bilan ishi yo'q, iqtisodiy dasturi puxta ishlanmagan.

"Makkeynning dasturi AQSh qarzini yana 3 trillion dollarga oshiradi. Nafaqa tizimini xususiylashtirish uchun yana bir trillion. Sug'urta kompaniyalarga bir trillion…",-deya qayd etiladi reklamalardan birida.

Makkeynga ko'ra Obama va'daboz, soliqlarni oshirishni biladi xolos:

"Obama kim o'zi?"

Obama: "Soliqlarni kamaytiraman!"

"Haqiqatda esa Obama soliqlarni oshirish uchun Senatda 94 marta ovoz bergan".

Makkeyn Obamaning Afg'onistondagi vaziyat haqida aytgan gaplarini o'z siyosiy reklamalarida qoralarkan, uning mazmunini boshqacha tushuntirmoqda.

Obama 2007 yilning avgustida bunday degan:

"Afg'onistonda askar sonini oshirish kerak. Havo hujumlarida ba'zida oddiy fuqarolar halok bo'lyapti".

Makkeynning reklamasi bu gapdan quyidagicha xulosa qiladi:

"Obamaning aytishicha Afg'onistonda AQSh askarlari dastidan oddiy fuqarolar halok bo'lyapti. Sharmanda..."

Reklamalar sodiq demokrat yoki respublikachilarga emas, bir fikrga kelmagan saylovchilarga qaratilgan. Aynan ularning ovozi saylov natijasini hal etadi.

Buni yaxshi tushunadigan har ikki senator televideniye va radiolardan efir vaqtini sotib olib, iloji boricha ko'proq tashviqot qilishga bel bog'lagan.

Nomzodlarning saylov kampaniyalariga ko'ra, efirdagi har bir daqiqa millionlab dollarga teng va bunga arziydi.

XS
SM
MD
LG