Respublikachi senator Jon Makkeyn, prezidentlikka nomzodlikni rasman qabul qilar ekan, islohotchi rahbar bo’lishga, iqtisodiyotni tiklashga hamda Amerikani neftga tobelikdan xalos qilishga va’da bermoqda.
Sobiq harbiy, Vietnam urushi qahramoni deya hurmat bilan tilga olinuvchi Makkeyn “men prezidentlikka eng munosib nomzodman, buning uchun bilim va tajribam yetarli” deydi.
Jon Makkeyn prezidentlikka 2000 yilda ham harakat qilgan, ammo nomzodlikni amaldagi prezident Jorj Bushga boy bergan edi. Bu safar, Sent-Pol shahrida Respublikachilar partiyasining qurultoyida Makkeyn prezidentlikka nomzod sifatida rasman tan olindi.
Saylovchilarga murojaatida Jon Makkeyn “Amerika xalqidan boshqa hech kimga xizmat qilmayman”, - deydi. Keksa arbob Vashingtondagi siyosiy muhitni o’zgartirishga va’da bermoqda.
Makkeyn vitse-prezidentlik uchun Alyaska shtati gubernatori Sara Peylinni tanlagan. Peylin yaqingacha ko’pchilikka notanish amaldor edi. Makkeyn uni adolatparvar, o’zgarish qilishga qodir yetakchi deb tanishtirmoqda.
Jon Makkeyn AQSh xavfsizligini birinchi o’ringa qo’yadi. Prezident Jorj Bushning Iroqdagi siyosatini qo’llab-quvvatlagani uchun keskin tanqidga uchrab keladi. Demokratlardan farqli o’laroq, “Iroq tinchimaguncha bu mamlakatni tark eta olmaymiz”, - deydi u.
Demokrat nomzod Barak Obama esa Iroq va Afg’onistondagi urushlarni tezroq tugatish kerak deydi. Respublikachilar nazarida Obama yosh va tajribasiz.
Obama bunga javoban, “respublikachilar qo’lida biror amaliy reja yo’q, ular Amerika oldida turgan muammolarni yecha olmaydi. O’tgan 8 yil buning yaqqol isboti”, - demoqda.