San-Fransisko Baleti raqqoslari bu yil juda band. Katta Tantanaga tayyorgarlik avjida deydi raqqos Entoni Spolding. Guruhga 1933 yilda asos solingan.
”Ertalabki 10 dan kechki 6 yarim, 7 yarimgacha mashq qilamiz,” – deydi Entoni.
Xoreograf Stenton Velsh sahnalashtirgan yangi raqs ”Oshkora” deb nomlanadi. Umuman, raqqoslarning tayyorlab qo’ygan chiqishlari anchagina. Hammasi mashhur insonlar tomonidan sahnalashtirildi. 75 yoshni har kuni ham nishonlayvermaysiz deydi director Xelgi Tomasson:
”Mark Morris, Kristofer Veldon, Jeyms Kadelka, Valko Paroli va Pol Teylor kabi nomi chiqqan san’atkorlar bizga yordam bermoqda. Ularning uslubi bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Bu uslublar qorishmasi ajoyib hosil berdi.”
Balet guruhi sentyabrda AQSh bo’ylab safarga chiqadi deydi ijrochi direktor Glen Makkoy:
"Amerikaning eng keksa raqs kompaniyasi ekanimizni inobatga olib, AQShning turki shaharlarida konsert berishga ahd qildik. Chikago, Nyu-York, Janubiy Kaliforniya va Vashingtondagi Kennedi markazida to’xtab o’tamiz."
Raqqoslar orasida chet el fuqarolari ham bor deydi Xelgi Tomasson. Guruhning muvvafaqiyat qozonishida ularning xizmati katta. San-Fransisko Baleti Qo’shma Shtatlar jamiyatining ko’zgusi, turfa elat vakillaridan iborat.
”Amerikada taniqli raqqos bo’lishni istasangiz, Nyu-Yorkka borasiz. Omadni qarangki, xorijlik iste’dodli raqqoslar guruhimizga kelib qo’shilish istagini bildira boshladi. Men ularni jon deb ishga oldim. Bu insonlar safimizni gullatdi,” – deydi Helgi Tomassson.
Bangkoklik Nutnari Pipit Suksun ana shunday raqqoslardan. Uni “Ommi” deb chaqiramiz deydi Helgi Tomasson:
”Ommini birinchi marta Yevropada ko’rgan edim. Maktab o’quvchisi edi o’sha paytlarda. Ko’rib, shu zahoti yoqtirib qoldim. Sahnada o’zini tutishi, harakatlari juda uyg’un edi. Biz bilan ishlashni taklif qilsam, yo’q demadi.”
Ommi San-Fansisko Baleti bilan ishlayotganidan xursand:
”Ajoyib va noyob jamoa bilan ishlayman. Hammaning o’z uslubi bor. Hamma nimadir qilib, yangilik olib kelishga harakat qiladi. Hamma bir bo’lsa, odam ko’rib, zerikib ketadi, axir.”
Chet eldan raqqos taklif qilib, mumtoz va zamonaviy yo’nalishda ishlayotgan balet guruhi yoshlar ko’ngiga yo’l topish ilinjida. Bunga erishmoqda ham. Ijrochi direktor Glen Makkoy odamlarning nazaridamiz deydi:
”Bu yilgi konsertlarni odamlar gulduros qarsaklar bilan
kutib olishdi. Muxlislar olqishi va mehriga cho’mib, obdon toblandik.”