Breaking News

Obama va Makkeyn o'rtasida yangi jang maydoni - iqtisodiyot


AQSh prezidentligiga nomzodlar saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarga safar qilib, mamlakatni iqtisodiy tanglikdan “mana men chiqara olaman” deya jar solmoqda.

Respublikachi nomzod Jon Makkeyn moliyaviy inqiroz sabablarini o’rnanuvchi komissiya tuzishni taklif qilmoqda. Demokrat Barak Obama nazarida esa inqiroz ortidagi omillar hammaga ayon – Bush va Respublikachilar siyosati. Nomzodlar bir-biriga nistaban tanqidlarni yanada kuchaytirgan.

Kolorado shtatida qilgan nutqida, Barak Obama Makkeynni iqtisodiy vaziyatni tushunmayotganlikda ayblagan. Sal avval Jon Makkeyn AQSh moliya va kredit bozorlari og’ir kunlarni boshdan kechirayotganiga qaramay, “AQShning iqtisodiy negizi mustahkam” degan bayonot bilan chiqqan edi.

“Mana shu gapning o’zi”, deydi Obama, “Makkeynning iqtisodiy bilim saviyasi qanchalik past ekanini yaqqol ko’rsatmoqda”.

Obama nazarida iqtisodiy tanglik Bush ma’muriyati, qolaversa Respublikachilar partiyasi yuritayotgan xato siyosat mahsulidir. “Bu siyosat o’rtahol oilalarni emas, faqat yirik korporatsiyalarni siylaydi”, - deydi Obama.

Yaqinda vitse-prezidentlikka nomzod tanlab tarafdor orttirgan Respublikachi nomzod Jon Makkeyn ham poygada bo’sh kelmayapti. U o’zini va vitse-prezidentlikka nomzodi Sara Peylinni haqiqiy islohotchi, pulga o’ch yirik kompaniyalar ishtahasini jilovlashga qodir siyosatchilar deya ta’riflaydi. Makkeyn ham Obama singari moliya bozorida tartib o’rnatishga chaqirgan.

AQSh hukumati dunyodagi eng yirik sug’urta kompaniyasi, “American International Group”ga 85 milliard dollar qarz berayotganini e’lon qildi. Kompaniya ko’chmas mulk bozorida katta zarar ko’rgan.

“Lehman Brothers” nomli yana bir yirik sarmoya kompaniyasi bankrotga uchragan. AQSh, Yevropa va Osiyo markaziy banklari dunyo moliya bozori tamoman izdan chiqmasligi uchun unga katta hajmda pul kiritmoqda.

XS
SM
MD
LG