Breaking News

Oq uy xususiy sektorga yordam qo'lini cho'zmoqda


AQSh hukumati bank va yirik moliyaviy tashkilotlarga yordam berish uchun qo'shimcha choralar ustida ishlar ekan, qimmatbaho qog'ozlar bozorida ahvol birmuncha yaxshilangan.

AQSh moliyaviy markazi Voll-Strit (Wall Street) dagi inqirozni hal etish uchun, deydi iqtisodchilar, sarmoyador va iste'molchilarning ishonchini tiklash zarur.

Shu kungacha Voll-Stritda nomi chiqqan brokerlik firmalari va kompaniyalarning bir nechasi sotildi. Boshqalari hukumatdan najot kutmoqda. Ayrimlari esa bankrotlik bilan yuzlashmoqda. Inqiroz tijoriy banklarni ham qamrab olishi mumkin degan xavotir hukm surmoqda.

AQSh sobiq mehnat vaziri Robert Rayxning aytishicha, kredit bozorida ahvol yaxshilanmas ekan, umumiy iqtisodiy vaziyat yanada og'irlashadi.

"Kichik bizneslarga yangi zavod va fabrikalar ochish uchun, fuqarolar avtomobil va uy-joy xarid qilishda davom etishi uchun mablag' kerak, banklar qarz bera olishi kerak".

Vaziyatni kuzatayotgan mutaxassislar AQSh prezidenti va moliya vazirining "umumiy moliya tizimidan xavotirlanmasa bo'ladi" degan bayonotlariga qo'shilmaydi.

Robert Rayx nazarida odamlar 1929 yilda boshlangan Buyuk Depressiya davridagi kabi banklardan omonatini chiqarib olishga shoshilishi va oqibatda butun tizim izdan chiqishi amrimahol. "Chunki tijoriy banklarga qo'yilgan depozitlar kafolatlangan".

Hukumat ayni paytda qimmatbaho qog'ozlar bozorini kuchliroq nazorat qilish va moliyaviy operatsiyalarning oshkora yuritilishini ta'minlash ustida ishlamoqda. Tashvishga tushgan xaridor hozircha iste'molni cheklashga majbur.
XS
SM
MD
LG