Breaking News

AQSh Shimoliy Koreyani qora ro'yxatdan chiqardi


Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyani terrorni quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan chiqargach, rasmiy Pxenyan yadro inshootlariga xalqaro inspektorlarni qayta kiritishga so’z bermoqda.

So’nggi bir necha hafta mobaynida Shimoliy Koreya AQShni va’dabozlikda ayblab, BMT rasmiylarini plutoniy zavodlariga yo’latmayotgan edi. AQSh diplomatlariga ko’ra yangi kelishuv intensiv diplomatik muzokara mahsulidir.

Qo’shni Janubiy Koreya kelishuvdan mamnun. Rasmiylarining aytishicha Shimoliy Koreya yadro dasturini yopish bo’yicha olti tomonli muzokaralar qayta izga tushmoqda.

Yaponiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya va Rossiya sa’y-harakati bilan Shimoliy Koreyaning asosiy yadro inshooti – Yongbyon faoliyatini to’xtatishga deyarli kelishib olingan edi. Pxenyan atom dasturi to’g’risida minglab sahifa ma’lumotni ham taqdim etgan.

Biroq Bush ma’muriyati “Shimoliy Koreyadan to’liq va haqqoniy ma’lumot kutayapmiz, qilingan ishlarni esa sinchiklab tekshirish zarur” degan. Pxenyan nazarida esa va’da bajarilgan, va AQSh mamlakatni terrorizmni quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan allaqachon chiqarishi kerak edi.

Janubiy Koreya vakili Kum Suk kelishmovchiliklar hal etildi deydi. “Shimoliy Koreya atom bobida boshqa davlatlar bilan hamkorlik ko’lami, jumladan uranni boyitish dasturlari haqida to’liq ma’lumot berishga rozi". Buning evaziga, Pxenyanga iqtisodiy yordam, jumladan yonilg’i yetkaziladi.

XS
SM
MD
LG