Breaking News

Xorijlik jurnalistlar Barak Obama haqida nima demoqda?


Barak Obamaning saylovlardagi g’alabasi jahon bo’ylab umid bilan qarshilangan. Prezident Obama AQSh tashqi siyosatini tubdan o’zgartirishi mumkin. Ammo buning uddasidan chiqish oson bo’lmaydi, deydi Vashingtonda faoliyat yuritayotgan xorijiy jurnalistlar.

Barak Obama oldidagi asosiy vazifa – AQSh iqtisodiyotini tanazzuldan chiqarish. Xorijiy muxbirlar yana bir muammoga ishora qiladi – Amerikaning chet eldagi qiyofasini yaxshilash kerak.

Germaniyalik jurnalist Matias Ruebning aytishicha, buning uchun Iroq urushi, Guantanamo qamoqxonasi va iqlim o’zgarishi kabi masalalar bo’yicha siyosatni yangilash zarur.

“Yevropaliklar va xususan Germaniya AQShdagi yangi ma’muriyat Afg’onistondagi vaziyatni tuzatadi degan umidda. Bu oson bo’lmaydi”, - deydi Rueb.

Kuba hududida AQShga qarashli Guantanamo harbiy bazasida joylashgan qamoqxonani yopish tilga olingan vazifalardan eng osoni bo’ladi, ammo boshqa tarafdan bu qarorni amalga oshirishda Obama ma’muriyati huquqiy, diplomatik va texnik qiyinchiliklarga duch keladi, deydi mutaxassislar.

AQSh-Rossiya aloqalari ham dolzarb masala. Obama g’alabasidan bir kun o’tib Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev rasmiy Vashingtonni global moliyaviy inqiroz va Gruziya-Rossiya urushini keltirib chiqarganlikda ayblagan edi. Germaniyalik jurnalist Matias Rueb Obama davrida AQSh-Rossiya aloqalari o’zgarishiga ishonadi.

“Yevropa AQSh va Rossiya o’rtasida yangi muloqot davri boshlanadi va Germaniya vositachi rolini bajaradi deb umid qilmoqda”, - deydi Rueb.

Vashingtonda ishlayotgan yaqin sharqlik muxbir Nadiya Bilbassi arab dunyosi ham Obamadan ko’p narsalarni kutmoqda deydi.

“Yaqin Sharq xalqi tinchlik jarayonining jonlanishini istaydi. Ammo buning uchun Obama Eron bilan muloqot qilishi kerak. Suriyani jarayonga jalb qilish, Iroqdan chiqish yo’lini topish, al-Qoidaga qarshi kurashni kuchaytirish lozim. Obama bularning uddasidan chiqa oladimi, buni faqat vaqt ko’rsatadi”, - deydi Bilbassi.

Arab jurnalistiga ko’ra, tashqi siyosatdagi bu qadar ko’p muammolarni bir vaqtning o’zida hal qilish yolg’iz davlat kotibining qo’lidan kelmaydi. Shu sabab AQSh prezidenti Yaqin Sharq bo’yicha chuqur bilim va tajribaga ega odamni maxsus vakil etib tayinlab, unga shu vazifani yuklashi lozim.

Obamaning g’alabasi ayniqsa Afrikada ko’tarinki ruhda kutib olingan. Janubiy afrikalik jurnalist Darren Teylor nazarida, Afrika ham Yaqin Sharq kabi o’ziga yarasha muammolarga boy.

“1998 yili al-Qoida Keniya va Tanzaniyada AQSh elchixonalarini nishonga olgan. Xurujlar Somalidan turib rejalangan. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatni o’z manfaatlariga tahdid kuchayayotgan joy deb biladi. Hukumat boshqaruvi zaif Afrika davlatlari bilan ish yuritish Obama uchun qiyin bo’ladi. Zimbabve, Darfurni ham esdan chiqarmaslik kerak”, - deydi Teylor.

Germaniyalik jurnalist Matias Rueb nazarida Barak Obama AQShning chet eldagi nufuzini oshirishni uddalaydi.

XS
SM
MD
LG