Breaking News

Madlen Olbrayt: AQSh qatliomlarning oldini olishi kerak


AQSh sobiq davlat kotibi va mudofaa vazirlaridan iborat maxsus komissiya bo’lajak prezidentga qatliom va genotsitlarning oldini olish uchun alohida kuch va mablag’ safarbar etishni maslahat bermoqda.

Bu arboblar fikricha Amerika hukumati uzoqni ko’zlab ish tutganida va umumbashariy manfaatlar xususida ko’proq qayg’urganida edi, Bosniya, Ruanda va Darfur degan joylarda minglab insonlar yoppasiga qirilib ketmagan bo’lardi.

Yaqin o’tmishda AQSh tashqi siyosati uchun javobgar bo’lgan Madlen Olbrayt va sobiq mudofaa vaziri Vilyam Koen e’tiborni mudhish jinoyatlarga qaratmoqda.

Har ikkisi Bill Klinton davrida xizmat qilgan. Bu davrda Ruanda va Bosniya kabi o’lkalarda insoniyat shafqatsiz voqealarga guvoh bo’lgan – genotsitga.

Madlen Olbayt fikricha AQSh qatliomlarning oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi kerak.

"Har qanday qatliomni qoralab, unga yo’q deyish payti yetgan. Loqaydlikka o’rin yo’q, bugungi zamonda”,- deydi u.

O’tmishdagi xatolardan saboq olish kerak, deydi Olbrayt xonim.

Bu borada maxsus dastur islab chiqqan arboblar yangi prezident Barak Obama uni ma’qullab, amalga oshiradi degan umidda. Toki, deydi ular, zolim rahbar va yetakchilar AQSh ularni kuzatayotganini bilsin.

“Obama Darfur va Kongodagi vaziyatdan tashvishda ekanini, Amerika u yerdagi qatliomlarga qarshi chora ko’rishi lozimligini aytgan. Amaliy qadamlar tashlash vaqti yetdi.

Genotsitlarning oldini olish mumkin va Qo’shma Shtatlar bunga qodir, deydi Madlen Olbrayt. Bu esa ogohlik, axborot almashish va oshkora siyosat talab qiladi. Mojaroli nuqtalardan ko’z uzilmasin. Qurol-aslaha savdosi ustidan nazorat oshirilsin.

Barak Obama tavsiyalarni ko’rib chiqishini, bu masala uchun mas’ul vakil tayinlashini aytgan.

AQSh tashqi siyosatini amalga oshirish, Kongress ma’qullasa, Xillari Klinton zimmasiga topshiriladi. Amerikaning global maqsadlarini tushuntirish ham.

Davlat kotibi bo’lishga taraddud ko’rayotgan Klinton fikricha Darfurdagi vaziyatni nazorat ostiga olish asosiy maqsadlardan biri.

Vilyam Koen genositlar to’xtatilmas, ularning oldi olinmas ekan, hamma tahdid ostida, deydi.

"AQSh va butun dunyo qotilliklarga qarshi turishi lozim",- deydi Koen.

Tarix qatliomlarni kechirmaydi. Etnik va diniy nizolar alanga olmasligi uchun ular ortidagi sabablar, muammolar hal etilishi lozim.

XS
SM
MD
LG