AQSh Kongressi Afg'oniston xavfsizlik kuchlariga yuborilgan o'n minglab qurollarning yo'qolib qolganidan taajjubda. Kongressning maxsus idorasi bu ishni taftish qilib, xulosasini ma'lum qilgan va Pentagonni so'roq qilmoqda. So'nggi to'rt yil ichida 87 ming dona qurolning qayerga ketgani noma'lum.
Afg'oniston armiyasi va politsiyasiga 2004 yildan beri jami 242 mingga yaqin qurol yuborilgan. Ammo uning 36 foizi yo'qolgani aytilmoqda.
Taftish qilgan idora xodimi Charlz Jonsonning aytishicha, qurollar mamlakatga yetkazilganda Kobuldagi ikkita omborda saqlangan.
"Ularni rasmiylashtirishda va ro'yxatga olishda katta xatolarga yo'l qo'yilgan", deydi u.
Bunga asosiy sabab qilib Pentagon qurollarni afg'onlarga yetkazishdan oldin AQSh harbiylariga aniq ko'rsatma bermagani ko'rsatilmoqda.
Bundan tashqari, deyiladi hisobotda, qurollar yaxshi qo'riqlanmagan va doimiy ravishda inventarizatsiya qilinmagan.
Qonunchilar qurollar Tolibon yoki al-Qoida qo'liga tushgan bo'lishi ham mumkin deb taxmin qilmoqda.
Demokrat kongressmen Jon Tyernining aytishicha, agar haqiqatdan ham shunday bo'lsa, AQSh askarlarining amerikalik soliq to'lovchilar puliga sotib olingan quroldan halok bo'lishi juda ham achinarli holdir.
Kongressdagi tinglovda AQShning Afg'onistondagi strategiyasi ham tahlil qilinar ekan, Pentagon sobiq xodimi general Jek Kin nazarida Barak Obama oldida qator dolzarb vazifalar turibdi.
"Gap faqatgina resurslar haqida emas, balki ulardan qanday foydalanish haqida ketyapti. Askarlarni qanday ishga solish haqida. Iroqda 150 minglik qo'shinimiz bo'la turib, ulardan to'g'ri foydalana olmadik, natijada 3 yil samarasiz ketdi," deydi general Kin.
AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha vakili Richard Xolbruk kecha Islomoboddan Kobulga o'tgan. Mamlakat rahbarlari bilan muloqot qilmoqda. Bugun toliblar va Avstraliya qo'shinlari o'rtasida kechgan otishmada besh nafar afg'on bolaning o'lgani xabar qilinmoqda. Voqea Uruzgon viloyatida koalitsiya askarlari uylarni tintuv qilayotgan payt sodir bo'lgan.