Barak Obama ma’muriyati Afg’onistonga nisbatan siyosatni qayta ko’rib chiqar ekan, afg’on ma’murlari bu jarayonda bevosita ishtirok etadi, deydi bu mamlakat rahbari Hamid Karzay.
Qaror AQShning Pokiston va Afg’onistondagi maxsus elchisi Richard Xolbrukning Kobulga safari chog’ida e’lon qilindi.
Prezident Barak Obamaning mintaqa muammolari bilan shug’ullanuvchi yangi vakili shu hafta Pokistonda ham bo’ldi, ammo safari borasida qisqa bayonotlar bilan cheklanmoqda.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan afg’on rasmiylari, aksincha, AQSh va xalqaro hamjamiyatdan katta yordam kutayapmiz, deb ochiq aytmoqda.
Mamlakatda avgust oyida prezident saylovlari kutilyapti. Qonunchi Fauziya Kofi fikricha, jarayon tinch-osuda o’tishi uchun Afg’onistonda qo’shin sonini oshirish kerak. AQSh qancha askar yo’llashini prezident Obama yaqin kunlarda e’lon qiladi.
“Afg’on masalasi qo’shni Pokistondagi vaziyat bilan chambarchas bog’liq. Buni anglagan AQSh rasmiylari Tolibonni yengish uchun mintaqaviy strategiya zarur deb chiqmoqda. Rasmiy Islomobod chiqarayotgan qarorlar, jumladan bu mamlakat xavfsizlik xizmatlari, chegaradagi vaziyat, madrasalar faoliyati – barchasi Afg’onistonga bevosita ta’sir ko’rsatadi”, - deydi Fauziya Kofi.
Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Sulton Ahmad Bahin dastlab terrorizm ildizini yo’q qilish lozim, deya jangari guruhlarning Pokistondagi manzillarini tilga oladi. “Harbiy chora bilan bir qatorda taraqqiyot dasturlariga ham yetarli e’tibor zarur”.
Afg’oniston mudofaa vazirligining bildirishicha, xalqaro koalitsiya kuchlari bilan erishilgan yangi kelishuvga ko’ra, bundan buyon aksil-terror missiyalarga, ayniqsa tunda aholi punktlari tintuv qilinganda ko’proq mahalliy zobitlar jalb qilinadi.