Breaking News

AQShning Afg'onistondagi imkoniyatlari sharhlanmoqda


Afg'onistonda barqarorlikni ta'minlash Barak Obama tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlardan biri ekan, Qirg'izistondagi "Manas" bazasining qo'ldan chiqarilishi AQSh rejalariga putur yetkazishi mumkin. Obamaning Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirish rejasi "Manas" bazasidek tayanch nuqtalariga ehtiyoj tug'diradi.



"Vashington Post" gazetasining yozishicha, Qirg'iziston hukumati amerikaliklarni harbiy bazadan chiqarish qarorini e'lon qilmasidan oldin Qo'shma Shtatlar bazani takomillashtirishga 100 million dollar sarflamoqchi bo'lgan. Chunki Afg'onistonda qo'shinlar soni oshishi bilan birga ularga xizmat ko'rsatish, yuklarni Afg'onistonga yetkazish, harbiy texnikani ta'mirlash va samolyotlarni yonilg'i bilan ta'minlash ishlari uchun Afg'onistondan uzoq bo'lmagan joylarda tranzit nuqtalari yoki bazalar kerak.

Qirg'iziston hukumatining qarori ishning beliga tepdi. Shunga qaramay mutaxassislar nazarida imkoniyat hali qo'ldan boy berilmagan. Parlament masalani mart oyigacha ovozga qo'ymasligini aytmoqda. Mamlakat qonun chiqaruvchilari Rossiya avval Qirg'izistonga va'da qilgan yordam pulining 450 million dollarini bersin demoqda. Rossiya respublikaga ikki milliard dollardan oshiq pul va'da qilgan. Parlamentdagi kommunist deputat Absamat Masaliyevning aytishicha, pul kelmaguncha, ovoz ham berilmaydi. Demak AQShda bazani qoldirish uchun yetarlicha vaqt bor.

Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, bu borada muzokaralar o'tkazilmoqda va Qo'shma Shtatlar "Manas" uchun ko'proq ijara haqi to'lashga rozi bo'lishi mumkin. Geyts, shuningdek, "Qirg'izistondagi baza muhim bo'lgani bilan uning qo'ldan chiqarilishi fojia deb baholanmaydi" demoqda.
"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, "Manas" bo'yicha muzokaralar ketayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar muqobil variantlarni ham ko'rib chiqmoqda. Xususan, Pokiston AQShni mo'tadil toliblar bilan muzokara qilishga undamoqda. Obamaning Afg'oniston va Pokistondagi maxsus vakili Richard Xolbruk shu hafta mintaqaga ilk bor safar qilgan. Xolbruk avval Pokistonda mamlakat bosh vaziri, prezidenti va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgan. Uchrashuv chog'ida Pokiston rahbariyati Afg'oniston chegarasi yaqinida AQShga qarashli pilotsiz samolyotlar hujumlari yuzasidan norozilik bildirgan.

2 aprel kuni Fransiyaning Strasburg shahrida NATO sammiti o'tkaziladi. Qo'shma Shtatlar ungacha Afg'oniston bo'yicha yangi strategiya ustida ishni yakunlamoqchi. Xolbrukning Janubiy Osiyo bo'ylab uchrashuvlari unga bu borada ma'lumot to'plashga yordam beradi. Xolbruk Afg'oniston va Hindistonda ham bo'ladi.
AQShda chiqadigan yana bir gazeta, "Nyu-York Tayms"ga ko'ra, Obama ma'muriyati Afg'onistonda muvaffaqiyat qozonishi uchun qo'shni Pokiston uning hududidan turib xurujlarni rejalayotgan toliblarga qarshi keskin chora ko'rishi kerak. Pokiston razvedkasi toliblar faoliyatiga ko'z yummoqda. Amerikaliklar esa ularga yeta olmayapti.

"Pokiston toliblar iziga tushmasa, AQSh mamlakatga harbiy yordamini uzishga majbur bo'ladi" deydi Davlat kotibi Xillari Klinton.

Tolibon rahbariyati Pokistonning Baluchiston viloyati poytaxti Kvettada qo'nim topgani aytilmoqda. Agar harakatning boshi uzilsa, mo'tadil jangarilar bilan murosa qilish osonlashadi, deydi ba'zi mutaxassislar. Ammo Pokiston hukumatidagi ayrim siyosatchilar Tolibonga yordam qo'lini cho'zishda davom etar ekan, harakatni yemirish oson bo'lmaydi.

XS
SM
MD
LG