Breaking News

Obamadan Afg'onistonga qo'shimcha askar yubormaslik so'ralmoqda


Demokrat va respublikachi qonunchilardan iborat guruh prezident Barak Obamadan Afg'onistonga qo'shimcha 17 ming askar yuborish qarorini qayta ko'rib chiqishni so'ramoqda. Ular fikricha, AQShning Afg'onistondagi harbiy maqsadlari ravshan emas.

14 qonunchidan iborat guruh Obamaga maktub yo'llab, qo'shinlarning ko'payishi beqarorlikni kuchaytiradi, undan ko'ra Qo'shma Shtatlar Afg'onistonga o'z xavfsizligini o'zi ta'minlashiga yordam berishi zarur degan.

Respublikachi kongressmen Uolter Jounsning guruh nomidan aytishicha, qo'shinlarni ko'paytirib AQSh Afg'onistonda urush qilgan boshqa davlatlar xatosini takrorlamoqda.

"Ahvol shu qadar yomonlashadiki, askarlar Afg'onistondan chiqa olmay qoladi," deydi u.

Demokrat qonunchi Dennis Kusinich fikricha, qaror qilishga shoshmaslik kerak.

"Yaxshilab o'ylab, masalani obdan muhokama qilish lozim. Britanlar va ruslarning Afg'onistonda holi nima kechganini bilamiz. Endi esa shu bosqichdan o'zimiz ham o'tyapmiz," deydi Kusinich.

Yana bir respublikachi kongressmen Ron Polning aytishicha, Afg'onistondagi vaziyatni yaxshilash uchun masalaning asosan noharbiy tomonlariga urg'u berish kerak.

Bugun Kobulda Hamid Karzay bilan uchrashgan NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxefferga ko'ra esa Afg'onistonda avgust oyiga belgilangan prezident saylovlaridan oldin xavfsizlikni ta'minlash uchun 4 ta qo'shimcha batalyon kerak bo'ladi. NATO batalyoni ming askardan iborat.

Obama ma'muriyati Afg'oniston va Pokiston bo'yicha yangi strategiya ustida hali ham ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG