Breaking News

Afg'oniston Obamaning rejasini hozirdanoq ma'qullamoqda


Afg'oniston Barak Obamaning bu davlat kelajagi haqida aytgan so'nggi gaplarini ijobiy kutib olgan.

Barak Obama AQShdagi tahliliy ko'rsatuvlardan biriga intervyu berarkan, "Diqqat asosan diplomatiya, taraqqiyot va boshqaruvni kuchaytirishga qaratiladi",- dedi.

Shuningdek, dedi prezident, "Amerika qo'shinlari qachon bu davlatni tark etishini ham hozirdan belgilab olamiz".

Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Sulton Ahmad Bahin "reja bizga ma'qul",- deydi.

"Nazarimizda Barak Obama izchil strategiya bilan chiqmoqda. Terrorizmni yengish uchun taraqqiyotni ta'minlash kerak, boshqaruvni mustahkamlash lozim. Buni tan olamiz", - deydi afg'on rasmiysi.

Bugun Afg'oniston har jihatdan xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj. Xavfsizlik uchun xalqaro kuchlar javobgar. Moliya va resurslarni esa G'arb davlatlari yetkazmoqda.

Koalitsiya xatosi bilan tinch aholi vakillari halok bo'layotgani afg'on hukumatini eng ko'p tashvishga solayotgan masala.

Kecha Afg'oniston shimolida jangarilarga qarshi havo hujumlarida besh terrorist o'ldi deb xabar qilingan edi. Ammo mahalliy hokimiyatning bildirishicha, ular jangari emas, begunoh fuqarolar bo'lgan.

"Afg'oniston o'z xavfsizlik kuchlarini oyoqqa turg'azmaguncha chet elliklarga tobemiz",- deydi Sulton Ahmad Bahin, Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

Obama ma'muriyati Afg'onistonning bugungi hukumatini korrupsiyaga botgan tuzum deya baholaydi.

AQShning bu davlat bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk bugun Bryusselda NATO rasmiylari bilan ucharishib, yangi strategiyani tushuntirar ekan, Afg'oniston ichki ishlar tizimini tamoman yangilab, poraxo'rlikka chek qo'yish kerak, dedi. "Huquq-tartibot eng oshkora ishlaydigan organ bo'lishi shart",- deydi u.

Bugun Hilmand viloyatida NATO kuchlari to'qqiz tolibni o'ldirgan.

XS
SM
MD
LG