Breaking News

Xillari Klinton: Iroq tinchlik yo'lidan qaytmaydi


“Amerika qo’shini Iroqni tark etsada, bu mamlakat xalqi va hukumatini qo’llab-quvvatlashda davom etadi”, - deydi AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton.

Iroqda so’nggi ikki kun ichidagi portlashlar 160 kishini hayotdan olib ketgan. Aksariyati shia musulmonlar, jumladan Erondan kelgan ziyoratchilar.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zebori bilan matbuot anjumanida, Xillari Klinton xurujlarni qoralab, xavfsizlik borasida erishilgan yutuqlar mustahkam degan.

“Har bir insonning hayotdan ko’z yumishi katta fojia. Biroq Iroq xalqi va rahbariyati zo’ravonlikka, mazhablarni bir-biriga nisbatan qayrash harakatlariga qarshi tura olishiga ishonaman”, - deydi Klinton.

Davlat kotibasi Iroq jamiyatini og’ir, mushkul daqiqalarda ham chekinmagan, milliy birdamlik yo’lida jasorat namunasi deya olqishlamoqda.

AQSh qo’shini Iroqni tark etishga hozirlik ko’rayotgan bir pallada zo’ravonlik kuchayishi rejani o’zgartiradimi, degan savolga Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zebori “yoq” deya javob beradi.

“Qonli xurujlarga qaramasdan, mamlakatda barqarorlikni mustahkamlash istagimiz qat’iy”, - deydi vazir. “AQSh askarlari iyun oyiga borib, Iroqning yirik shaharlaridan chiqa boshlaydi”.

Bayrutda Livan prezidenti Mishel Sulaymon bilan muloqotda, Xillari Klinton erkin va adolatli saylovlarga chaqirgan. Livan xalqi 7 iyunda parlamentga ovoz beradi. Aholi orasida AQSh terrorchi deb belgilagan Hizbulloh guruhining shuhrati baland.

XS
SM
MD
LG