Prezident Barak Obama Vashingtonda Pokiston va Afg'oniston rahbarlari bilan uchrashdi. Gap hududda faollashgan ekstremistlarga qarshi kurash haqida bordi.
"Afg'oniston va Pokiston rahbarlari tahdid darajasini anglab, unga qarshi astoydil bel bog'lashga va'da berdilar," deydi Obama qo'shma matbuot anjumanida.
Ammo shu bilan birga, deydi AQSh prezidenti, tinch aholiga zarar yetkazmaslik kerak.
"Oddiy fuqarolar orasida talofatlarning oldini olishga harakat qilish lozim," deydi Obama.
Xabarlarga ko'ra hafta boshida Faroh viloyatida 100 dan ziyod oddiy fuqaro AQSh havo hujumi va otishmalardan halok bo'lgan bo'lishi mumkin. Biroq AQSh va NATO qo'mondonlarining aytishicha, dastlabki tergov natijalari xalqaro kuchlarning bu voqeaga aloqasi yo'qligini ko'rsatgan. Tergov davom etmoqda. Shunga qaramay bugun bir necha kishi viloyatda namoyish qilgan.
Ekstremistlar Pokistonda ham faollashgan ekan, o'tmishda ikki davlat bir-birini jangarilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab kelgan. Ammo Vashingtondagi uchrashuv chog'ida ikki davlat hamkorlikda kurash olib borishga kelishgan.
"Pokiston va Afg'oniston - egizak davlatlar. Quvonchni ham, g'amni ham baham ko'ramiz," deydi Hamid Karzay.
Ma'lumki, Pokiston prezidenti Osif Ali Zardari 2007 yil oxirida suiqasd xurujida o'ldirilgan sobiq bosh vazir Benazir Bxuttoning turmush o'rtog'i.
"Pokistonda demokratiya kamol topsa, rafiqam va halok bo'lgan minglab pokistonliklar ruhi shod bo'ladi," deydi Zardari.
Osif Ali Zardari va Hamid Karzay Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan ham muloqot qilgan.