Breaking News

AQSh Afg'onistondagi qo'mondonini yangilamoqda


AQSh Afg’onistondagi harbiy qo’mondonini yangilar ekan, Hamid Karzay ma’muriyati o’zgarishdan mamnun va xalqaro koalitsiya aholi hayotiga e’tiborliroq bo’ladi degan umidda.

Ma’lumki, afg’on hukumati bu kuchlarni beparvo hujumlarda, Tolibonni qiramiz deb yuzlab begunoh insonlarni o’ldirayotganlikda ayblab keladi.

Shu kungacha Afg’onistondagi qo’shinlarga general Deyvid Makkirnan (David McKiernan) boshchilik qilib kelayotgan edi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts (Robert Gates) uni bu lavozimdan ozod etib, o’rniga general leytenant Stenli Makkristalni (Stanley McChrystal) tayinlashga qaror qilgan.

“Bugun siyosat yangilangan, yangi prezident, yangi yo’nalish”,- deydi Robert Geyts. “Afg’onistondagi harbiy strategiyamizni ham yangilayapmiz, demak, yangi qo’mondon ham kerak”,- deydi mudofaa vaziri.

“General Makkirnan Afg’onistonda sidqidildan xizmat qildi, uni biror narsada ayblayotganimiz yo’q,”- deydi Geyts. Obama ham Makkirnanni yuqori baholagan.

General Afg’onistonga sal kam bir yil oldin borgan va “NATO hamda Amerika qo’shinlar sonini oshirmas ekan, Tolibonni yenga olmaymiz”,- deb kelayotgan edi.

Obama Afg’onistonga qariyb 20 ming qo’shimcha harbiy yuborishni buyurgan, ammo ekstremizmga barham berish uchun qurolli harakatlarning o’zi yetmaydi deydi.

Yangi qo’mondon, general Makkristal Iroqda jangarilarga qarshi operatsiyalarni boshqarib muvaffaqqiyat qozongan va Pentagon nazarida hozir Afg’onistondagi qo’shinlarga shunday bir yetakchi kerak. Uning o’rinbosari etib general leytenant Deyvid Rodrigez tayinlanadi.

“Biz Afg’onistondagi yangi qo’mondonlikdan yangicha taklif va yechimlar kutayapmiz”,- deydi Robert Geyts.

Mudofaa vaziri va prezident Senatdan nomzodlarni tezlikda ma’qullab, ularni xizmatga yo’llashni so’ramoqda.

XS
SM
MD
LG