AQSh Senati Afg'oniston va Iroqdagi harbiy xarajatlarni qoplovchi hamda Pokistonga 900 million dollarlik yordamni o'z ichiga olgan qonun loyihasini ko'pchilik ovoz bilan ma'qullagan. Vakillar Palatasida ham shu kabi loyiha qabul qilingan. Endilikda ikki hujjat birlashtirilib, prezidentga imzo uchun yuboriladi.
Ushbu qonun bilan Kongress Iroq va Afg'onistondagi harbiy harakatlar uchun 91 milliard dollar ajratmoqda. 400 million dollari Pokistonda terrorga qarshi bo'linmalarni tayyorgarlikdan o'tkazish uchun sarflanadi, yana 500 millioni bu mamlakatga iqtisodiy yordam tariqasida beriladi.
Pul, shuningdek, Somalida tinchlikparvar operatsiyalarni qo'llab-quvvatlash, AQSh-Meksika chegarasi xavfsizligini kuchaytirish va jahon bo'ylab SPID ga qarshi kurashga sarflanadi.
"Ushbu qonun yordamida bir necha muammo bilan shug'ullansak bo'ladi," deydi demokrat senator Daniel Inouye.
Biroq qonunda prezident Obamaning iltimoslari qondirilmagan. Jumladan Guantanamodagi qamoqxonani yopish uchun so'ralgan 80 million dollar qonun loyihasidan olib tashlangan. Qonunchilar fikricha, 240 nafar mahbus taqdiri bo'yicha aniq reja bo'lmas ekan, qamoqxonani yopish mumkin emas.
Senat, shuningdek, Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga 100 milliard dollarlik kredit ajratishni o'z ichiga olgan qonun loyihasini ham tasdiqlagan.
Senator Jon Kerrining aytishicha, pul jamg'arma orqali iqtisodiy inqirozdan qiynalayotgan rivojlanayotgan davlatlarga beriladi, aks holda AQSh qo'shimcha bozorlardan ayriladi.
"Bundan tashqari iqtisodiy muammolar o'sha davlatlarda ijtimoiy tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin," deydi Kerri.