Breaking News

Saylov muvaffaqiyatli o'tishiga asosiy to'siq xavfsizlik


Afg’onistonda prezident saylovlariga tayyorgarlik ketmoqda. Mamlakat bo’ylab 7 ming saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Britaniyaning Kobuldagi elchisi Mark Sedvilning aytishicha, xavfsizlik eng katta muammo ekan, saylovda kutilganidan kamroq odam ovoz berishi mumkin.

20 avgust saylovlari oldidan Afg’onistonda qonli xurujlar avj olgan. Elchi nazarida tadbirni qoldirmaslikka qaror qilingani katta yutuq. Britaniya va AQSh qo’shinlari janubiy Hilmand viloyatida nisbatan tinchlik o’rnatish uchun Tolibonga qarshi harakatlarni kuchaytirgan.

Ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tayotgan mahalliy aholi viloyatda xavfsizlik biroz yaxshilangan, olti oy ilgari manzara tamoman boshqacha edi deydi. Hilmand Tolibon qarorgohi va mamlakat qoradori sanoatini tebratuvchi hudud. Rasmiylar saylovchilarning 60-70 foizi ovoz beradi degan umidda.

AQShning Pokiston va Afg’onistondagi maxsus vakili Richard Xolbrukning aytishicha, saylov nima bo’lmasin belgilangan sanada o’tadi.

Iyul oyi xalqaro koalitsiya uchun eng qonlisi bo’ldi deb tilga olinyapti. AQSh 35, Britaniya 20 zobitidan ayrilgan. Hilmand xavfsizligi uchun mas’ul, mayor Peddi Ginn Hilmanddagi vaziyatni shunday tasvirlaydi:

“Mahalliy aholi Tolibonga ham, hukumat va xalqaro qo’shinga ham birdek xayrixoh. Ularga mamlakat kelajagi, ravnaqi uning qanday boshqarilishida deb tushuntirish kerak”.

Ikkinchi muddatga saylanish uchun harakat qilayotgan Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay o’nlab nomzodlar bilan bellashmoqda. Mamlakatda saylovchilar soni 15-17 million atrofida.

XS
SM
MD
LG