Breaking News

Ahmadinejod saylovoldi kampaniyasini boshlab yubordi


Eron 12 iyun kuni yangi rahbar saylaydi. Saylovoldi kampaniya qizg’in pallada. Yana bir muhlatga umidvor amaldagi prezident Mahmud Ahmadinejod Eronning G’arbga qarshi agressiv tashqi siyosatini, xususan yadro dasturini himoya qilmoqda.

Saylovoldi matbuot anjumanida Ahmadinejod lavozimga yana bir bor saylanishga loyiq ekanini ta’kidladi.

“Men rahbarlik qilgan davrda tashqi siyosatda ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi, mamlakat sha’ni va obro’-e’tiborini tashqi dushmanlardan himoya qilishga erishdik”, - deydi u. “Eron yadroviy izlanishlarni davom ettirmoqda. BMT joriy etgan iqtisodiy sanksiyalarning mamlakatga jiddiy ta’siri yo’q”.

“BMT Xavfsizlik Kengashining Eronga qarshi to’rt marotaba qabul qilgan rezolyutsiyalari hukumatni haqoratlashdan boshqa narsa emas” , - deydi yana 3 nomzod bilan bellashayotgan Ahmadinejod. Mamlakat uran yonilg’isi ishlab chiqarish uchun sentrifugalar sonini 7 mingga yetkazgan.

“G’arb mamlakatlari uranni boyitishni to’xtating deb bir necha bor muhlat-talablar qo’ydi. Eron bu qistovlarga yon bermadi,” - deydi prezident. “AQSh rahbariyati bilan masala yuzasidan yuzma-yuz muzokara saylovdan keyinga qoldirilgan”.

Rasmiy Tehron mamlakat iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalardan aziyat chekayotganini rad etadi. Ahmadinejod fikricha, muammolar bo’rttirib ko’rsatilmoqda.

Saylovga ikki hafta qolganda Eronda “Facebook” singari ommabop saytlarga to’siq qo’yilgan. Saylovchilar orasida Mahmud Ahmadinejodning asosiy raqibi deb ko’rilayotgan siyosatchi, sobiq bosh vazir Mir Husayn Musavi nomzodiga qiziqish baland.

XS
SM
MD
LG