Breaking News

AQSh qo'shinlari Iroq shaharlarini tark etdi


Iroqliklar AQSh qo'shinlarining aksariyat shahar va qishloqlardan chiqishini nishonlamoqda. Odamlar ko'chaga chiqib, raqsga tushmoqda, she'rxonlik qilmoqda. Hamma joyda musiqa sadolari yangramoqda. Diyala va Devoniya viloyatlarida esa harbiy parad o'tgan.

Ichki ishlar vaziri Javad Bulaniyning aytishicha, amerikalik askarlar shaharlarni deyarli tark etib bo'lgan. Nazorat Iroq kuchlari qo'liga o'tmoqda.

"Mamlakat xavfsizligi nazorat ostida, komendant soati joriy etishga sabab yo'q," deydi u.

Armiya va politsiya bo'linmalari Iroq bo'ylab o'z pozitsiyalarini egallagan, deydi vazirlik vakili.

AQShning Iroqdagi kuchlari qo'mondoni general Rey Odiyernoga ko'ra, bitim shartlari o'z vaqtida bajarilmoqda. Askarlarni shaharlardan chiqarish 8 oy davom etdi, deydi u.

So'nggi haftalarda Iroqda qonli xurujlar soni ko'payganiga qaramay mudofaa vazirligi armiya tartibni o'rnata oladi demoqda.

Iroq armiya va politsiyasi safida 750 mingga yaqin kishi xizmat qiladi. Bosh vazir Nuri al Malikiy aholidan tinchlikni saqlashda ularga yordam berishni va xurujlar ehtimoli haqida xabardor qilishni so'ragan.

Bugun shimoldagi Mosul yaqinida ikkita xurujda 5 politsiyachi va bir kurd zobit o'lgan. Kirkukda esa 20 kishi.

XS
SM
MD
LG