Afg’onistonda shu oygi saylovlarni barbod qilishga ahd qilgan Tolibonga qarshi yangi operatsiya boshlangan. Hilmand viloyatiga yuzlab qo’shimcha zobitlar jo’natildi, toki 20 avgust kuni mustaqil saylov komissiyasi o’z ishini bajara olsin, deydi harbiylar.
Qoradori makoni hisoblanmish Hilmand viloyati Tolibon jangchilari uchun Pokistondan Afg’onistonga kiradigan asosiy yo’l ekan, xalqaro koalitsiya bu janubiy vodiyni nishonga olayotgani bejiz emas. Ularni shaharlardan siqib chiqarsak, fuqarolarga ovoz berish uchun imkon bergan bo’lamiz, deydi harbiylar.
Afg’onistonda so’nggi 5 yil ichida ilk bor prezident saylovlari o’tkazilmoqda. Xavfsizlik mahalliy va xorijiy kuchlar zimmasida.
“Strategiyamiz”, deydi general Erik Trembli, “jangarilar harakatlanuvchi yo’llarni yopish, faoliyatini cheklash va aholi punktlaridan siqib chiqarishdan iborat”.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTning ogohlantirishicha, saylov oldidan avj olgan qonli xurujlar tayyorgarlikni izdan chiqarishi, saylovchilar ishtirokini keskin pasaytirishi mumkin.
Hamid Karzay ma’muriyati bugun tongda shimoliy Qunduz viloyatida hukumat idorasiga hujum qilinib, Archi tumani politsiya boshlig’i halok bo’lganini tasdiqlamoqda. Jangarilar binoga o’t qo’ygan.
Afg’onistonning boshqa hududlari ham notinch. Kobul yaqinida ro’y bergan portlash 5 politsiyachini hayotdan olib ketgan. Qandahorda “AP” axborot agentligining ikki muxbiri yaralangan. Ma’lumotlarga ko’ra, ulardan biri portlashda oyog’idan ayrilgan.