Breaking News

Sakkiz yil o'tib ham, Nyu-York terror xuruji dahshatini unutmagan


Amerikada terror xuruji amalga oshirilib, 3 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketganiga 8 yil bo'ldi.

2001 yilning 11 sentyabridagi hujumlar nafaqat Amerika balki dunyo siyosatida keskin burilish yasagan. Terrorizmga qarshi urush e'lon qilinib, al-Qoida jamiki davlatlar uchun yagona bir dushmanga aylangan.

Teraktlar Nyu-Yorkdek azim shaharni zir titratgan, uning katta qismi vayron bo'lgan, osmono'par egizak binolar yer bilan yakson bo'lgan edi. Nyu-yorkliklar hamon bu dahshatli kun xotiralari bilan yashaydi. Qolaversa uning ruhiy va jismoniy ta'siri har yerda namoyon.

2001 yil, 11 sentyabr tongi… Quyosh charaqlab turgan, ko’chalar har doimgidek gavjum bir kun edi. Ertalab 8:46 daqiqa o’tganda Jahon Savdo markazi binolaridan biriga samolyot urilib, osmonni qora tutun bosadi. Anjela Jekson buni qo’shni binodan kuzatgan.

“Samolyot binoga urilib, kattakon yoriq paydo bo’ldi. Odamlar binodan sakray boshladi”, - deydi Jekson.

Bir necha daqiqa o’tmay, yana bir samolyot ikkinchi binoga uriladi. “Har yerda o’zini qo’yarga joy topolmay hovliqayotgan, jarohat olganlarga yordam berayotgan odamlar …”

Bir necha soat o’tmay aqlga sig’mas voqea ro’y berdi: egizak binolar birin-ketin quladi. “Ishda edim, tashqaridan vertolyot ovozi keldi”, - deydi guvohlardan biri. “Osmonni qora tutun qopladi”.

Amerikaliklar xotirasida muhrlanib qolgan tasvirlar… Ketlin Kross o’sha kuni voqea joyiga yaqin mahallada, o’z uyida edi. “Hamma yoq bir pasda tutun, chang bilan qoplandi. Daraxtu binolar … oppoq chang”.

Bir hafta ichida Nyu-York qimmatli qog’ozlar bozori qayta ochildi. Uning ortidan boshqa bizneslar ham. Ammo ishga qaytgan xizmatchilar bugungacha hududning zaharli havosidan noliydi.

“Odamning sezish organlari ishdan chiqqanday. Ko’rish, eshitish, hidlash, nafas olish … ishongim kelmaydi”, - deydi birja xizmatchisi Kesun Jon. U nafas yo’llari bilan bog’liq kasallik, astmaga chalingan.

“Bugun men boshdan kechirayotgan xastaliklar, nazarimda o’sha kun voqea joyida bo’lganim bilan bog’liq”.

Bugun Nyu-York ma’muriyati va hukumatni ham shu savol qiynamoqda. O’sha kuni binolar qulashi natijasida zaharli gazlardan xastalikka duchor bo’lganlar qancha? Faollardan biri Klara Kalladin boshqarayotgan tashkilot hisobicha bundaylar 10 mingdan oshiq.

“Jahon Savdo markazi qulagan hudud atrofida o’ta zaharli moddalar tarqalgan. U yerda toksinlik darajasi yuqori. Inson organizmini butunlay qamrab, nafas olish yo’llarini, asab sistemasi ishdan chiqarishga qodir. Sizga aytsam, minglab odam zaharlangan”, - deydi Kalladin.

Shunga qaramay, hududga minglab insonlar ko’chib kelmoqda. Alison Kasillo bu yerning zaharli havosi haqida eshitgan bo’lsa-da, hujumlardan yetti oy o’tmay bu yerdan yangi uy xarid qildi.

“Kvartiramni juda arzonga oldim. Kim ham yo’q derdi, shunday ajoyib taklif tushsa”, - deydi u. Kasilo bir yil ichida xronik o’pka kasalligiga chalindi. Nafas olishga qiynaladi.

Lekin bu xastaliklar terror hujumi oqibatlaridan biri deb aniq aytish, buni isbotlash qiyin. Shunisi aniqki, Nyu-York ahli terror hujumlaridan ruhiy jarohat olgan. Savdo markazi o’rniga rejalangan yangi binolar qad ko’tarishi ularga dalda.

“Nyu-Yorkdek katta shaharda yashashning o’z gashti bor. Madaniyati, odamlari, xilma-xillik. Tavakkal qilamiz endi”, - deydi fuqarolardan biri.

Yangi binolar qurilyapti-yu, lekin jarayon juda sust. Uning bahosi, xarajatlar, kim to’lashi yuzasidan bahslar tufayli qurilish muhlati allaqachon o’tib ketdi. 11 sentyabr – AQSh va dunyo siyosatini ostin-ustun qilib yuborgan kun. Xotira kuni deb e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG