Breaking News

Amerika fuqarosi, asli pokistonlik Farux Ahmad metroda xurujlar rejalash gumoni bilan qamoqda


Farux Ahmad Vashington, Virjiniya atrofida metro stansiyalar haqida ma’lumot, surat yig’ib borgan
Farux Ahmad Vashington, Virjiniya atrofida metro stansiyalar haqida ma’lumot, surat yig’ib borgan

AQShda 34 yoshli fuqaro, asli pokistonlik Farux Ahmad terror xurujlari rejalash aybi bilan qamoqqa olingan. U poytaxt Vashingtonda, metro bekatlariga hujumlar qilmoqchi bo’lgan.

AQSh Adliya rasmiylarining aytishicha, Farux Ahmad aprel oyidan beri Vashington atrofida metro bekatlarini suratga olib borgan. Bir necha xurujga taraddud ko’rgan.

Chorshanba kuni qamoqqa olingan bu shaxsga portlash rejalash, terrorchi tashkilot bilan hamkorlik qilish kabi ayblar qo’yilmoqda.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs Farux Ahmadni avval boshdan kuzatib kelayotgan edik, qabih rejasi amalga oshishi gumon edi, deydi.

“Federal qidiruv byurosi – FBR, adliya organlari, bari xavfsizlikka ko’z-quloq bo’lib turibdi. Ular ishini biladi va puxta bajarmoqda. Bu idoralar Ahmadning ketiga tushib, ko’zdan qochirmay kelayotgan, imkon boricha ko’proq ma’lumot to’plashga, uning sheriklarini aniqlashga harakat qilayotgan edi”, - deydi Gibbs.

Nishonga olinishi kutilgan hudud harbiy inshootlar, fortlarga boy, jumladan, Pentagon – Mudofaa vazirligi ham shu atrofda
Nishonga olinishi kutilgan hudud harbiy inshootlar, fortlarga boy, jumladan, Pentagon – Mudofaa vazirligi ham shu atrofda

Prezident Barak Obama ham tergov haqida oldindan ogohlantirilgan, deydi Robert Gibbs.

Farux Ahmad Vashington, Virjiniya atrofida metro stansiyalar haqida ma’lumot, surat yig’ib borgan. Hudud harbiy inshootlar, fortlarga boy, jumladan, Pentagon – Mudofaa vazirligi ham shu atrofda. Askarlar dafn qilinadigan Arlington qabristoni ham. Rasmiylarning aytishicha, maqsad iloji boricha ko’proq harbiyni nishonga olish bo’lgan.

Hujumni ko’zlar ekan, Ahmad o’zini al-Qoida agentlari deb tanishtirgan kishilar bilan uchrashgani, ularga xabar berib turgani aytilmoqda. Pokistonda tug’ilgan Farux Ahmad keyinroq AQShga kelib, fuqarolikni qo’lga kiritgan. Aybi istbotlansa, 50 yilga qamalishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG