Kecha AQShning Detroyt shahriga yo'l olayotgan samolyotda noxush voqea sodir bo'lganidan keyin mamlakat aeroportlarida xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilmoqda. Oq uy rasmiylariga ko'ra, Amsterdamdan uchayotgan samoloyotda terror xuruji rejalangan.
Nigeriyalik fuqaro mushaklar yordamida samolyot ichida yong'in chiqargan, ammo yo'lovchilar uni o'chirishga muvaffaq bo'lgan. Qurbonlar yo'q. Samolyot ichida 278 yo'lovchi bo'lgan.
Voqea samolyotning Detroytda qo'nishiga 20 daqiqa qolganda sodir bo'lgan. Sababchi 23 yoshli nigeriyalik Umar Faruh Abdul Mutallab ekani aytilmoqda. Mutallabning o'zi yong'inda lat yegan. So'roq paytida tergovchilarga aytishicha, u al Qoida ko'rsatmasiga ko'ra ish tutgan. Biroq uning da'volari tekshirilmoqda.
Vakillar Palatasida xavfsizlik masalalari bilan shug'ullanuvchi kongressmen Piter Kingning aytishicha, al Qoida Nigeriyadan qo'nim topgan, terrorchilar makoniga aylangan.
Ba'zi masalalarni darhol oydinlashtirish kerak, deydi qonunchi.
"U qanday qilib Nigeriyadan chiqib ketgan, Amsterdamda nima ish qilgan, Amerikaga qanday qilib viza olgan, mushaklarni samolyotga qanday olib chiqqan - bularning barchasini tekshirish kerak", - deydi kongressmen King.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi aeroportlarda qo'shimcha xavfsizlik choralari joriy etilayotganini aytadi.