Breaking News

Afg'onistonda siyosiy kuchlar muvozanati o'zgarmoqda


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay parlamentdan Vazirlar Mahkamasiga tayinlangan nomzodlarni imkon qadar tezroq tasdiqlashni so'ramoqda. Qonunchilar 6 haftalik ta'tilga otlanar ekan, o'tgan hafta Karzay ko'rsatgan 24 nomzoddan 17 tasini inkor etgan. Prezident xalq noiblaridan vazirliklarga yangi nomzodlarni ko'rib chiqib ta'tilga ketishni so'ramoqda.

"Vashington Post" ro'znomasi Afg'oniston siyosatidagi hozirgi ahvolni keskin burilish deb, parlamentning prezident Hamid Karzay tanlagan nomzodlarning aksariyatini tasdiqlamagani kuchlar muvozanatida jiddiy o'zgarish ekanini aytmoqda.

Kobullik qonunchi ayol Shukriya Barakzayning aytishicha, parlament haqiqiy o'zgarishlar tarafdori. Karzay matbuot kotibi Vohid Umar prezident parlament qaroridan taajjubda, ammo uning amriga qarshi chiqmaydi, deydi.

"Albatta, prezident vazirlikka ko'rsatgan odamlar parlament tomonidan tasdiqlanganida a'lo bo'lar edi, biroq Hamid Karzay uchun Konstitutsiya va parlament ustuvor", - deydi Vohid Umar.

BMTning Afg'onistondagi elchisi Kay Ayde aksariyat nomzodlar rad etilishidan taajjubda ekanini yashirmaydi. Ba'zilar nazarida Afg'onistonda yangi hukumati tez kunlar ichida shakllanmas ekan, 28 yanvar kuni Londonda o'tishi rejalangan Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjumandan ko'zlangan maqsadga erishilmasligi mumkin.

Qandahor viloyatidan parlament a'zosi Xolid Pashtunning "Vashington Post"ga aytishicha, ovoz berish natijalari parlament kuchayayotganidan nishona.

AQShdagi yana bir gazeta "Vashington Tayms" Hamid Karzayning prezident saylovlaridagi asosiy raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla so'zlarini keltirar ekan, Londondagi anjuman qanday o'tishini bashorat qilish qiyin, chunki xalqaro hamjamiyatda Karzayga ishonch past deydi.

Prezident parlamentga yangi nomzodlar ro'yxatini taqdim etishi kerak, biroq matbuot kotibiga ko'ra, bunga bir necha hafta ketishi mumkin.

"Nyu-York Tayms" gazetasi ham Afg'oniston mavzusida maqola chop etib, etnik ozchilikdagi guruh, shia mazhabidagi hazoralar hayotini yoritgan. Aholining 15 fozini tashkil etuvchi bu xalq asrlar davomida asosan pashtunlar qo'lida xizmat qilgan, mayda ishlar bilan shug'ullangan.

Toliblar hukmronligi paytida ko'p hazoralar Pokiston va Eronga qochgan, ba'zilari pashtunlar qo'lida nobud bo'lgan. Bugunga kelib, ko'pchilik vataniga qaytgan. Birgina poytaxt Kobulning o'zida bir millionga yaqini yashaydi.

Ular ijtimoiy ahvolini yaxshilashga, yoshlari ta'lim olishga intilmoqda. "Ta'lim bilan o'z haq-huquqlarimizni himoya qilishimiz mumkin," deydi ular.

"Nyu-York Tayms"da yozilishicha, o'rta ta'lim bobida mamlakat bo'ylab aynan hazoralar eng yaxshi ko'rsatkichlarga ega. Oliy ma'lumotli ayollari Kobuldagi xalqaro tashkilotlarda ishlaydi. Erkaklari esa xavfsizlik kuchlari va armiya saflarini to'ldirgan.

Qandahorlik qonunchi Xolid Pashtunning aytishicha, hukumat nafaqat poytaxtda, boshqa joylarda ham odamlar hayotini yaxshilashga harakat qilishi kerak.

XS
SM
MD
LG