Breaking News

Qandahor uchun hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ketmoqda


Afg’oniston janubida xalqaro koalitsiya Tolibonga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda.

Hozir Hilmand viloyatida davom etayotgan “Mushtarak” amaliyoti navbatdagi yirik operatsiyaga muqaddima.

NATO Afg’onistonning ikkinchi eng yirik shahri va jangarilar makoni Qandahorni qo’lga olmoqchi.

Keyingi yilga qolmasdan Qandahor ustidan nazorat o’rnatish kerak, deydi harbiylar.

O’tgan hafta poytaxt Kobulning mehmonxonalari ko’p va chet elliklar bilan gavjum markazida yana otishma va portlashlar yangradi. Shahar o’tgan oy nisbatan tinch edi. Tolibon hujumi jami 17 kishini hayotdan olib ketdi, ular orasida Hindiston, Fransiya va Italiya fuqarolari.

Kobuldagi xurujlar 15 ming sonli xalqaro qo’shin Hilmanddagi markaz shahar - Marjani qo’lga olgan bir paytda ro’y berdi.

Harbiy talilchi Malkom Chalmers koalitsiyaning butun e’tibori hozir janubda, jangarilar fursatdan foydalanib poytaxtni nishonga olgani bejiz emas, deydi.

AQShning Afg’onistonga doir strategiyasi zobitlar sonini keskin oshirishni ko’zlaydi. NATOga a’zo boshqa davlatlar yana 7 ming aksar ajratmoqda. Shunga qaramasdan, deydi Chalmers, xavfsizlikni ta’minlash uchun qo’shin-resurslar yetarli emas.

“Afg’onistonda nafaqat harbiy, balki siyosiy va mafkuraviy jabhada jang ketmoqda. Tolibonning maqsadi - AQSh va ittifoqdosh davlatlar, qolaversa afg’on hukumati qancha harakat qilmasin, bizni yenga olmaydi deb isbotlash. NATO ham o’z navbatida g’alaba albatta bizniki bo’ladi deya jangarilarga bosimni oshirmoqda”, - deydi tahlilchi.

Pokiston sobiq prezidenti general Parvez Musharraf Afg’oniston va Pokiston barqarorligi dunyo tinchligi uchun muhim deydi. Strategiya, uningcha, uch qirrali bo’lishi lozim – harbiy, siyosiy va iqtisodiy.

“Al-Qoidani tugatish, Tolibon ustidan g’alaba qozonish va Afg’onistonda qonuniy hukumat o’rnatish kerak. Aytishga oson, lekin maqsad to’g’ri qo’yilsagina natija bo’ladi”, - deydi Musharraf.

Pokiston sobiq rahbari fikricha, maqsadga erishsa bo’ladi, agar xalqaro jamoatchilik birlashib, kuchli pozitsiyadan turib harakat qilsa. “Missiya muddatini oldindan belgilab qo’yish, bir-ikki yil ichida qo’shinlarni olib chiqamiz deb jar solish bu zaiflik belgisi. Bu dushmanga kuch beradi”, - deydi Parvez Musharraf.

Kanada 2011 yilda Afg’onistondan qo’shinlarini chiqarishni belgilab qo’ygan. Missiya muhlati yuzasidan kelishmovchiliklar yaqinda Niderlandiya koalitsion hukumati parchalanishiga sabab bo’ldi. AQSh harbiylari ham kelasi yildan Afg’onistonni tark eta boshlaydi.

“NATO strategiyasi samara beryaptimi-yo’qmi, hozirdan aytish qiyin”, -deydi siyosatdonlar. “Kelasi yilga borib bu haqda aniq bir xulosa qilish mumkin bo’ladi”.

XS
SM
MD
LG