Breaking News

NATO qo'mondoni: "Afg'on xalqi ishonchini qozonish kerak"


NATO qo'mondoni, AQSh admirali Jeyms Stavridisning aytishicha, xorijiy kuchlar uchun mamlakatdagi eng katta muammolardan biri - afg'on xalqi ishonchini qozonish. Tolibonni mag'lub qilish uchun mahalliy xavfsizlik kuchlari soni va salohiyatini oshirish kerak, deydi u.

Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar safarbar etilar ekan, admiral Stavridisning aytishicha, yo'q qilingan jangarilar sonidan ko'ra harbiylarning mahalliy xalq bilan aloqasi qanday bo'lishi muhimroq.

Yil davomida prezident Obama Afg'oniston bo'yicha strategiyasini tahlil qiliganida harbiy va noharbiy jabhalardagi yutuqlarni ko'p jihatdan shunga qarab belgilaydi, deydi admiral.

"So'rovlar natijalarini kuzatib borishimiz kerak. Tobora ko'p afg'onlar toliblardan kechib, koalitsiyani qo'llab-quvvatlayaptimi? Afg'on xavfsizlik kuchlari soni qanchaga yetdi? Ular olib borgan operatsiyalarning muvaffaqiyat koeffitsienti qanday? Mana shularga e'tibor berish kerak", - deydi Stavridis.

Uning aytishicha, toliblarni yengib, hududlarni ulardan tozalash muhim albatta, biroq bundanda muhimroq vazifa ham bor.

"Afg'on xalqi manfaatlariga alohida e'tibor qaratishimiz kerak. Ularning mushkulini oson qila olsak, Tolibon o'z-o'zidan yengiladi".

Yaqinda o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijasiga ko'ra, afg'onlarning hukumati va NATO kuchlariga xayrixohligi oshgan.

Janubdagi Hilmand viloyatida xizmat qilayotgan AQSh qo'shinlari ish uslubini o'tgan yili o'zgartirgan.

Ularning qo'mondoni kapitan Zakari Martinning aytishicha, barqarorlikni ta'minlab, tekis faoliyat yurituvchi davlat boshqaruvini yo'lga qo'yish lozim.

"Iqtisodiy imkoniyatlarni ko'paytirib, turmush tarzini yaxshilash kerak. Shundagina Tolibon safida xizmat qilayotganlar normal hayotga qaytgisi keladi", - deydi kapitan.

Admiral Stavridis nazarida hukumat korrupsiyaga qarshi kurashib, maishiy xizmat tizimini kuchaytirishi kerak. Afg'on xalqi ehtiyojlari va turmush tarzini bilishi zarur. Ittifoqdosh kuchlar mahalliy sharoitlarga tez moslashishni o'rganishi lozim, chunki jangarilar taktikasini muntazam ravishda o'zgartirmoqda, deydi u.

Qo'shimcha kuchlar harbiy operatsiyalarning ko'payishiga, bu esa o'z navbatida talofatlar ortishiga olib kelishi tabiiy. NATO davlatlari, deydi alyans qo'mondoni, bunga tayyor turishi lozim.

"Vazifani uddalashni istasak, talofatlardan cho'chimasligimiz kerak. Biroq operatsiyalarni o'tkazayotganda talofatlar ko'lamini imkon qadar past darajada ushlab turishga intilish zarur", - deydi admiral Stavridis.

Uning aytishicha, maqsadga erishishda Pokiston bilan hamkorlikni kuchaytirish lozim.

"Pokiston hozirgidan ham samaraliroq harakat qilishi mumkin. NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni general Stenli Makkristal Pokiston armiyasi rahbari general Ashfaq Qiyaniy bilan muntazam muloqotda ekanidan mamnunman".

AQSh admiralining xalqaro hamjamiyat va Afg'oniston hukumati Tolibonni yenga olishiga ishonchi komil. Biroq buning uchun, deydi u, harbiy harakatlardan tashqari taraqqiyot dasturlarini ham ishga solish zarur.

XS
SM
MD
LG