Payshanba kuni Londonda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjuman bo'lib o'tadi. Undan oldin prezident Hamid Karzay Istanbulda Turkiya va Pokiston rahbarlari bilan muloqot qilgan.
Karzay toliblarning ba'zilariga tinch hayotga qaytishni taklif qilmoqchi. G'arb uning bu tashabbusini qo'llab-quvvatlamoqda.
Turkiya to'rtinchi bor Afg'oniston va Pokiston rahbarlari uchrashuviga vositachilik qilmoqda.
Hamid Karzay al Qoida yoki boshqa terror guruhlariga qo'shilmagan, qurolini tashlab, normal hayotga qaytmoqchi bo'lgan toliblar bilan muloqot qilishga tayyormiz, deydi.
Karzay ilgari ham bu taklif bilan chiqqan, ammo G'arb uni qo'llab-quvvatlamagan edi. Vaziyat o'zgardi, deydi afg'on rahbari.
"Hamkor davlatlar, xalqaro hamjamiyat va qo'shni mamlakatlar tashabbusga xayrixohlik bildirmoqda. Londondagi anjuman chog'ida buning uchun moliyaviy yordam olishga umid bor", - deydi Karzay.
Payshanba kuni boshlanadigan konferensiyada Afg'oniston taraqqiyoti uchun xalqaro yordam ajratish haqida so'z boradi.
Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy ham toliblar bilan muloqot g'oyasiga ijobiy munosabat bildirgan.
Ba'zi kuzatuvchilar Pokiston razvedkasini Afg'onistondagi toliblarni qo'llab-quvvatlaganlikda ayblar ekan, bu hol ikki davlat o'rtasida ishonchsizlikka sabab bo'lgan.
Ammo, deydi Turkiya prezidenti Abdulla Gul, mana shunday uchrashuvlar o'zaro muammolarni hal etishga yaxshi imkoniyatdir.
Dushanba kuni prezident Karzay Afg'onistondagi o'zbeklar sardori general Abdul Rashid Dostumni armiya shtabi rahbari lavozimiga qayta tayinlagan. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband bundan norozi va Istanbuldagi uchrashuv chog'ida masalani ko'tarmoqchi. Ma'lumki, G'arb Dostumni ikki mingga yaqin tolib qatliomida ayblaydi.
Bugun, shuningdek, Nyu-York Tayms gazetasi AQShning Afg'onistondagi elchisi Karl Aykenberrining Vashingtonga yuborgan diplomatik telegrammalarini chop etgan. Unga ko'ra, Aykenberri "prezident Hamid Karzay AQShga ishonchli strategik hamkor bo'la olmaydi" deb, prezident Obamani bir necha bor ogohlantirgan. AQSh elchisi, shuningdek qo'shinlar sonini oshirish taklifiga qo'shilmagani ayon bo'ldi.
Xabarlarga ko'ra, bugun Afg'oniston janubidagi Hilmand viloyati poytaxti - Lashkar Gohda jangarilar hujumidan to'rt politsiyachi halok bo'lgan.