Breaking News

Dog'iston Shimoliy Kavkazning eng notinch nuqtasiga aylanmoqda


Shimoliy Kavkazning musulmon o’lkalaridan biri Dog’istonda hokimiyat almashinuvi zo’ravonlik va qotilliklar avj olishi bilan kuzatilmoqda.

O’lka rahbari Muxu Aliyev 20 fevralda muhlatini yakunlaydi. Yaqin kunlarda Kremldan yangi odam tayinlanishi kutilar ekan, mahalliy klanlar hokimiyat uchun kurash boshlagan.

Rossiya rahbariyati korrupsiya, qashshoqlik va diniy fundamentalizm domiga botgan mintaqada tartib o’rnata olishi savol ostida.

Ikki qonli urushni boshdan kechirgan Chechenistonni prezident Ramzan Qodirov mushti bilan boshqarsada, respublikada tartib bor, deya qayd etadi tahlilchilar. Dog’istonda esa nazorat qo’lgan boy berilgan.

Qonli xurujlar o’tgan yili 300 dan oshiq odamning yostig’ini quritdi. Bu hatto qo’shni Ingushetiya va Chechenistondagi ko’rsatkichlardan ham yuqori. Rus tili Dog’istonda rasmiy til, ammo ruslar aholining kichik bir qismi – ehtimol 5 foiz.

Siyosatshunos olim Pol Goblning (Paul A.Goble) qayd etishicha, Dog’istonda o’z ona tiliga ega 30 ga yaqin xalq va etnik guruhlar yashaydi. “Hokimiyat uchun kurash azaldan davom etib kelgan”.

Bugungi kunda Dog’iston ham iqtisodiy, ham siyosiy krizisda. Federatsiya tarkibidagi respublikalar ichida markazdan eng ko’p yordam oladi.

“Mamlakatning asosiy daromad manbai neft va gaz tranziti bo’lib qolmoqda, vaholanki o’zini boqish uchun yetarli zaxiraga ega”, -deydi olim.

“Tobora avj olayotgan jangari harakati, terrorizm va radikalizm ildizi qisman ishsizlik, aholining iqtisodiy nochorligi va korrupsiyaga borib taqaladi. Muammo negizida tarixiy, milliy-diniy sabablar ham yotadi: Shimoliy Kavkaz tub aholisi Rossiya bosqiniga uzoq vaqt qurolli qarshilik ko’rsatgan. Gap Kremlning assimilyatsiya siyosati ish bermagani, o’sib borayotgan musulmon aholi bilan til topisha olmayotganida”, - deya tushuntiradi Pol Gobl, mintaqadagi millat va elatlar tarixini izchil o’rgangan olim.

Kreml Dog’istonda yuzlashayotgan muammolarni qo’shni respublikalarda ham kuzatish mumkin, xususan Checheniston va Ingushetiyada.

Rossiyalik jurnalist Masha Lipman ularning ayrimlarini sanab o’tadi: mahalliy rahbarlarning Kremldan tayinlanishi, millatchilik, e’tiqod erkinligini cheklash, repressiya va ta’qiblar va har qanday muammoni kuch bilan bostirish siyosati.

“Rossiya rahbarlari”, deydi olim Pol Gobl, “G’arb davlatlari e’tiroziga qanday javob berishni ham o’rganib olgan - dushman islomiy radikallar deb tamg’alansa bo’lgani. Etnik-milliy ziddiyatlar va mintaqaviy tafovutlarni hisobga olsak, aslida vaziyat qanchalik murakkab ekanini anglash mumkin”.

Shimoliy Kavkazni Rossiya yuzlashayotgan eng o’tkir muammo deya e’tirof etar ekan, prezident Dmitriy Medvedev mintaqaga maxsus elchi tayinladi.

Krasnoyarsk sobiq hokimi, tadbirkor Aleksandr Xloponin ishbilarmonligi bilan tanilgan bo’lib, unga iqtisodiy dasturlar, aholi turmushini yaxshilash, ish o’rinlari yaratish vazifasi topshirilgan.

Siyosatdonlar ta’biricha, hokim va elchilarni tayinlashdan tashqari Kreml mavjud vaziyatni o’zgartira olishi hozircha sezilmayapti.

XS
SM
MD
LG