Afg’on hukumati NATOni janubda 27 fuqaroni o’ldirganlikda ayblab, xalqaro koalitsiyadan Tolibonga qarshi harbiy strategiyani qayta ko’rib chiqishni talab qilmoqda.
Avvaliga Karzay ma’muriyati o’lganlar soni 33 nafar deyayotgan edi. NATO Uruzgon viloyatida olib borilgan havo hujumlarida aholi vakillari nobud bo’lganini tan olmoqda, lekin qancha odam o’lgani haqida aniq aytmayapti.
Xalqaro qo’shinlar qo’mondoni general Stenli Makkristal afg’on xalqidan kechirim so’ragan. “NATOning maqsadi afg’onlarni xavfdan himoya qilish. Tolibon bilan janglarda oddiy insonlar halok bo’lganidan afsusdamiz”,- deydi general Makkristal.
Uruzgon va unga qo’shni Hilmandda ko’plab qishloqlar - qonli jang maydoni. O’tgan kunlar ichida Hilmandning Marja shahri atrofida 16 fuqaro, 120 ga yaqin jangari va NAToning 13 askari o’lgan.
Iroq va Afg’onistondagi harbiy harakatlarni boshqaruvchi organ – AQSh Markaziy Qo’mondonligining bildirishicha Tolibonga qarshi bu operatsiyalar kamida bir yarim yil davom etadi.
“Bu hali boshlanishi”,- deydi qo’mondonlik rahbari, general Deyvid Petreus.
Petreus Marjadagi harbiy harakatlar yana qancha davom etadi degan savolga javob bermaydi.
“Afg’oniston janubini toliblardan tozalash og’ir va kuchli qadamlar talab qiladi. Tolibon bu mintaqani osonlikcha boy bermasligi ayon ekan, biz ham qaqshatqich zarba berishga, keskin choralar ko’rishga majburmiz”,- deydi Petreus.
“Iroqda jangarilarga qarshi urush qanchalik qonli kechganini esda tutsak, bugun afg’on zaminida olib borilayotgan operatsiyalar undan-da murakkab. Bu urushga real yondashmasdan iloj yo’q. Dushman beshavqat bir kuch. Uni yanchish qat’iy qarorlar talab qiladi”,- deydi general Petreus.
AQSh sobiq davlat kotibi, iste’fodagi general Kolin Pauel fikricha Obama ma’muriyati va NATO to’g’ri yo’ldan ketmoqda.
Pauel Oq Uyni quvvatlamoqda, ammo Afg’oniston yaqin kelajakda o’z xavfsizligini o’zi ta’minlay olishiga ishonmaydi. “Bu davlat hali bizning yordamimizga uzoq yillar davomida mujtoj bo’ladi”,- deydi u.