Breaking News

Isroil bosh vaziri Vashingtonda AQSh tanqidiga javob bermoqda


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vashingtonda bo'lib, AQSh rahbariyati bilan Yaqin Sharq tinchlik jarayoni va ushbu yo'ldagi to'siqlar haqida so'zlashgan. Ma'lumki, Qo'shma Shtatlar yahudiy davlatini Sharqiy Quddusda yangi uylar qurish rejasini keskin tanqid ostiga olib, tinchlik jarayoniga pand berishini aytgan. Netanyaxu AQSh ayblovlarini rad etgan holda, Quddus Isroil davlatining poytaxti va yahudiylar unda so'nggi uch ming yildan beri uy qurib keladi, degan.

Benyamin Netanyaxu AQSh-Isroil munosabatlari ushbu munozaralardan zarar ko'rmaydi, deya umid bildirdi.

"Davlatlarimiz jahondagi muammolarni hamkorlikda hal qilishiga shubham yo'q", - deydi Isroil bosh vaziri.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, Isroil uy qurish rejasi bilan Amerikaning betaraf vositachi sifatidagi roliga putur yetkazmoqda.

"Iordan daryosining G'arbiy sohili yoki Sharqiy Quddusda yangi uy qurilishlarini e'lon qilib, Isroil Falastin bilan muzokara qilish uchun muhim hisoblangan o'zaro ishonch rishtalarining yemirilishiga sabab bo'lmoqda. Bunday sharoitda Qo'shma Shtatlar xolis vositachi bo'la olishi qiyin", - deydi Klinton.

Shu bilan birga davlat kotibasi AQSh Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo'lib qoladi deya ishontirgan.

Benyamin Netanyaxu Isroilning Sharqiy Quddusda 1600 ta yangi uy qurish rejasiga qaramay, falastinliklarni o'tirib, muzokara qilishga chaqirdi.

"AQSh jarayonga yordam berishi mumkin, albatta, biroq barcha muammolarimizni hal qilib bera olmaydi. Tinchlikni chetdan o'rnatib bo'lmaydi. Bunga bevosita muzokara orqali o'zimiz [Isroil va Falastin] bel bog'lashimiz kerak", - deydi Netanyaxu Vashingtonga safari chog'ida.

Bugun Isroil rahbari Oq uyda prezident Barak Obama bilan uchrashadi.

Bu orada AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell Iordaniyada Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan gaplashgan. Mitchell Abbosni mintaqada zo'ravonlikka berilmaslikka chaqirgan. So'nggi paytda Isroilning bir necha qarorlaridan g'azablangan falastinliklar G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda Isroil politsiyasi bilan to'qnashgan. Mahmud Abbos Isroil bilan muzokaraga qaytishga hali ahd qilganimiz yo'q, deydi.

"Yaqin Sharq To'rtligiga kiruvchi AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Isroildan qurilishlarga chek qo'yishga chaqiruvchi bayonot kutyapmiz", - deydi Abbos.

XS
SM
MD
LG