Breaking News

"Rossiya Shimoliy Kavkazni kuch bilan ushlab turolmaydi"


Moskva va Dog’istonning Qizlar shahrida ro’y bergan xurujlar e’tiborni yana Shimoliy Kavkazga qaratmoqda.

Tergov ishlari davom etar ekan, Checheniston mustaqilligi uchun kurashib kelayotgan islomiy guruh rahbari Doku Umarov Moskva metrosidagi xudkush portlashlarni o’z bo’yniga olgan.

Mutaxassislar fikricha Kavkazda siyosiy va iqtisodiy vaziyat o’ta nozik va masalani faqat xavfsizlik choralari bilan hal qilish mumkin emas.

Chechen jangarilari veb sahifasiga qo’yilgan videoda Doku Umarov Moskva metrosida 40 qa yaqin yo’lovchini hayotdan olib ketgan xudkushlik xurujlari ortida turganini tan olgan.

"Rossiya xavfsizlik kuchlari Kavkazda begunoh odamlarni qirayotgani uchun qasos oldik",- deydi u.

Doku Umarov yil boshida qilgan chiqishida “Harbiy harakatlar Kavkaz bilan cheklanib qolmaydi. Ruslar Chechenistondagi hodisalarni uyida tinchgina o’tirib, faqat televidiniye orqali tomosha qilishga o’rgangan. Ular ham urush dahshatini his qilsin - kurashni ularning uyigacha olib boramiz”, -deb ogohlantirgan edi.

Chechenistonga qo’shni Dog’iston rahbari Mogamedsalom Magomedov ham Qizlar shahrida ro’y bergan xurujni qoralab, unga daxldor shaxslarni "Dog’iston dushmani" deb ta’riflagan.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Shimoliy Kavkazdagi jangarilarni qonli xurujlar ortida turgan terrorchilar deb atab, "Ular albatta qo’lga olinadi va jazosini tortadi",- deydi.

“Terrorchilarni tag-tomiri bilan yo’q qilamiz",- deydi Putin, mamlakatni birdamlikka chaqirar ekan.

Rossiya Dumasi spikeri o’rinbosari Alexandr Torshin fikricha Moskva va Dog’istondagi xurujlar shu oy jangarilar ikki yetakchisidan ayrilgani bilan bog’liq. Taxminlarga ko’ra har ikkisi Doku Umarovning tarafdori bo’lgan va ular shu tariqa Kremldan o’ch olayotgan bo’lishi mumkin.

Doku Umarov, deydi politolog olim Nikolay Petrov, Shimoliy Kavkazda hokimiyat uchun kurashib kelayotgan guruh rahbarlaridan biri.

“Bu mintaqada terrorizmga qarshi kurashish oson emas, chunki yagona, markaziy tizimga bo’ysunadigan guruhlar haqida gap ketmayapti. Al-Qoidaga o'xshash guruhlar talaygina. Har biri o’zi, avtonom faoliyat olib boradi”, - deydi mutaxassis.

Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Chechenistonda mustaqillik uchu kurash avj olgan yillarda Rossiya harbiy operatsiyalarida kamida 100 ming chechen halok bo’lgan.

Nikolay Petrov nazarida suiqasd xurujlarida qatnashayotganlar o’sha ikki urush jabrdiydalari, jumladan urushda halok bo’lgan chechenlarning ayollari, qizlari.

“Urushda zo’rlangan, iskanjaga olingan, xo’rlangan, yaqinlaridan judo bo’lgan odamlar qasos olmoqda”, - deydi Rossiya Fanlar Akademyasi qoshidagi Kavkaz tadqiqotlari bo’lim boshlig’i Sergey Arutunyov.

Kavkaz mintaqasi Rossiyaning Kaspiy neft va gaz manbalari, Markaziy Osiyo hamda Yaqin Sharq bilan aloqalari uchun strategik ahamiyatga ega.

Sergey Arutunyov fikricha mintaqaviy vaziyat tahlil qilinganda Moskva ichki siyosatini ham nazarga olish kerak.

“Kavkaz mintaqasidagi biron bir respublika mustaqillikka erishsa, aholisining aksariyati musulmonlardan tashkil topgan Tatarston va Boshqirdistonda, hatto Rossiya Federatsiyasining uzoq sharqdagi barcha muxtor viloyatlarida separatizm ruhiyati oshadi”, - deydi mutaxassis.

Iqtisodiy tushkunlik iskanjasidagi bu respublikalarning aksariyati mustaqil bo’lganda Xitoy yoki Yaponiya bilan bemalol iqtisodiy aloqa o’rnatishi mumkin.

Kreml siyosatiga nisbatan ishonch susayar ekan, Bosh vazir Vladimir Putin yanvar oyida o’tkazilgan regional rahbarlar anjumanida so’zlab, vaziyatni yaxshilash uchun avvalo qashshoqlik va yulg’ichlikka barham berishga chaqirgan edi.

Shimoliy Kavkaz ayni damda Rossiyaning eng notinch, zo’ravonlik va qotilliklar avj olayotgan mintaqasi.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Alekandr Golts nazarida ikki katta urushni boshdan kechirgan, avtoritar rahbarlar nazoratiga berib qo’yilgan va asosan kuch bilan boshqariladigan bu mintaqada keskin o'zgarishlar qilish kerak.

“Yagona chora harbiy tartibdan voz kechib, huquq va qonun ustuvorligini ta’minlash kerak",- deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG