Breaking News

Tsunami oqibatida halok bo'lganlar soni 150 ming nafardan oshmoqda.  - 2004-12-30


Hind okeani ostidagi zilzila natijasida vujudga kelgan qudratli to'lqinlar, ya'ni tsunamidan zarar ko'rgan janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlariga insonparvarlik yordami berilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, tabiiy ofat tarixda ko'rilmagan darajada talofat keltirdi. Tashkilot xodimlari hozirda jabrdiydalarga oziq-ovqat va dori-darmon tarqatmoqdalar.

Amerika hozirgacha 350 million dollar miqdorida insonparvarlik yordami ajratdi.

AQSh Xalqaro Taraqqiyot Boshqarmasi vakili Andryu Natsiosning fikricha, texnik guruhlar og'ir fojeani boshdan kechirgan xalqqa eng zarur xizmat ko'rsatishmoqda.

"Biz faqat texnik mutaxassislar yiqqan ma'lumotga asoslanib, odamlarga tezlikda ko'mak berishimiz lozim. Aks holda, ular halok bo'lishadi. Biz bu sharoitda mish-mishlarga asoslana olmaymiz," deydi u.

Hozirgacha o'nlab mamlakatlar va insonparvarlik tashkilotlari zilziladan qaqshagan kishilarga yordam qo'lini cho'zish maqsadida o'nlab million dollar mablag' ajratishdi.

Shuningdek, dunyoning ko'plab davlatlari moddiy yordam jo'natishmoqda. Yaponiya zilzila jabrdiydalari uchun 500 million dollar berishga ahd qilgan.

AQSh Xalqaro Taraqqiyot Boshqarmasi vakili Ed Foksning aytishicha, AQSh tomonning yordami mintaqaga 29 dekabrda yetib keldi.

"Vaqtincha bosh-pana bo’ladigan plastik materiallar, ichimlik suvi, oziq-ovqat solinadigan idishlar, dori-darmon va shu singari zarur narsalar to'ldirilgan samolyotlar kelmoqda. Bundan tashqari, afsuski, murdalar solinadigan qoplar ham beryapmiz," deydi janob Foks.

Pentagon, ya'ni AQSh mudofaa vazirligi, harbiy samolyotlar va dengiz kuchlari ham jo'natdi. Jumladan, deydi General Jeyms Konvoy, tuzli suvdan qolgan maydonni tozalovchi maxsus guruh ham safarbar etilmoqda:

"Bu harbiy kemalarning har birida, kuniga, 400 yuz ming litrdan ko'p ichimlik suvi ishlab chiqaradi. Bu, albatta, suvga zor mintaqa uchun juda katta foyda bo'ladi."

So'ngi ma'lumotlarga ko'ra, zilzilada, 11 mamlakat bo'ylab, 150 mingdan ziyod odam o'lgan, deyilmoqda. Millionlab kishilar uy-joyidan ayrilgan.

Ofatdan keyin tarqaladigan kasalliklar, oldi olinmasa, mintaqa aholisi hayotini xavf ostiga qo'yishi mumkin.

"Eng asosiy masala ichimlik suvi bilan ta'minlash va favqulodda sanitariya xizmati ko'rsatish," deydi BMT ning insonparvarlik ishlari bo'yicha bosh kotib o'rinbosari Yan Eglend.

Uning firkicha, ofat millardlab dollarlik zarar yetkazgan. BMT, xalqaro hamjamiyatdan ko'proq yordam ko'rsatishni so'ramoqda.

AQSh prezidenti nazarida bu tasavvurga sig'maydigan fojeadir. "Bizning hukumatimiz zilzila jabrdiydalariga yordam berishga qattiq bel bog'lagan," deydi Jo'rj Bush.

Texas shtatidagi qarorgohida tsunami fojeasi haqidagi gapirarkan, Bush, "Tabiiy ofat ko'p kishini hayotiga zomin bo’ldi va katta moddiy zarar keltirdi... Amerika mintaqaga insonparvarlik ko'magi yetkazishda Hindiston, Avstraliya va Yaponiya bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda," dedi.

"Asta-sekin, zilzila keltirgan moddiy zarar hajmi yanada oydinlashadi, ayniqsa, infrastrukturani qayta qurish va tsunami qaqshatgan xalqni qayta oyoqqa turg'azish masalalarida," dedi prezident.

Bush, tsunami xavfi haqida ogohlantiruvchi dunyoviy tizim tashkil etilishni taklif qilmoqda. Okean ostidagi seysmik holatni kuzatib turuvchi maxsus moslama zilzila yuz bergan Hind Okeani ostida yo'q edi.

XS
SM
MD
LG