Breaking News

Pauel: Amerikaning tsunami jabrdiydalari uchun bergan 350 million dollarlik yordami hozircha yetadi


Prezident Bush AQShning sobiq prezidentlari, Bill Klinton va keksa Bushni janubiy-sharqiy Osiyodagi tsunami, ya'ni kuchli to'lqinlaridan zarar ko'rgan kishilarga yordam puli to'plash ishlariga boshchilik qilish uchun tayinladi.

Oq Uyda gapirar ekan Bush, "bu ikki shaxs orqali men amerikaliklarni bag'ri-keng va sahovatli bo'lishga chaqiraman, ayniqsa naqd pul berishda," dedi. "Har ikkala prezident ham xalqimizning mehr-muhabbatli ekanini yaxshi biladi. Ular bu xalqni boshqarishda o'z tajribalariga ega. Ular ham mehrli insonlar."

Prezident Bush, uning rafiqasi Lo'ra va sobiq prezidentlar okean-osti zilzilasidan jabr ko'rgan davlatlarning AQShdagi elchixonalariga borib, ta'ziya bildirishdi.

AQSh davlat kotibi Kolin Pauel, janubiy-sharqiy Osiyo bo'ylab safar qilarkan, Amerikaning 350 million dollarlik insonparvarlik yordami hozircha yetadi, dedi.

Unga Florida shtati gubernatori, prezidentning ukasi Jeb Bush hamrohlik qilmoqda. Ma'lumki, Floridada o'tgan yil ichida bir necha tabiiy ofatlar yuz berdi. Oq Uyning bildirishicha, Jeb Bush favqulodda hollarni boshqarishda katta tajribaga ega.

AQSh, Avstraliya, Germaniya va boshqa davlatlardan kelgan harbiy samolyotlar va minglab askarlar mintaqada insonparvarlik yordami ko'rsatmoqdalar.

AQSh armiyasi Shri Lankaga, 1500 piyoda askar va 20 ta vertolyot jo'natdi. Bu kuchlar mamlakatdagi jabrdiydalarga tibbiy xizmat ko'rsatish, jumladan Hind Okeani sohilidagi qishloqlarga dori-darmon tashish, ichimlik suvi bilan ta'mishlash ishlariga safarbar etilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonparvarlik va favqulodda hollar bo'yicha bosh kotib o'rinbosariYan Eglend, ko'makka kelayotgan davlatlar va xalqaro tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi. Ammo, tsunamining ta'siri, haqiqatda qanchalik kuchli bo'lgani tobora oydinlashmoqda, deydi u:

"Sumatra orolining g'arbida, tsunamidan o'lganlar soni hali yana oshadi. Umuman, qancha odam halok bo'lganini, balki, hech qachon bilmasmiz. Ammo, yana o'ng minglab kishining o'lgani ma'lum."

Hozirda Sumatraning tog'li qismlaridagi jabrdiydalarga insonparvarlik yordami yetkazilmoqda. AQSh harbiy vertolyotlari mintaqaga oziq-ovqat va dori-darmon tashishni boshlashgan. Bu kabi yordam Indoneziyaning Banda Ache hududiga ham yetib bordi. Tsunamidan jarohat olgan va uning oqibatida kasallangan minglab kishilarga tibbiy xizmat ko'rsatilyapti.

XS
SM
MD
LG