Breaking News

Tsunamidan o'zlari omon qolib, yaqinlaridan ayrilganlar hikoyalari


AQShning Yuta shtatida yashovchi Brichlar oilasi, tsunami -dengiz to'fonlari urganida Tailandda dam olayotgan edi.

"Men baland to'lqinlarning yaqinlashayotganini ko'rdim. Biz ikki qavatli, ancha baland imoratda turgan edik. Oldimdagi odamlarga, bu yerdan ketish kerak, dedim. Eshikni ocharkanman, kuchli ovozni eshitdim. Birdaniga suv ostida qolib ketdim. Ustimizda turli narsalar suza boshladi. Nafas ololmadim. O'lim bilan kurasha boshladim...," deydi ularning og'li Jai.

Otasi Stu Brich esa fojea haqida shunday deydi: "O'g'lim bir metrcha suv tagida qolib ketdi... oyog’ini yerga qo'ya olmasdi. Chunki, suvning shiddati juda tez edi."

15-yoshli qizlari esa to'lqin ostida g'oyib bo'ldi. Keyinroq, uning tsunamidan o'lgani ma'lum bo'ldi.

Janob Brich, to'fon urgan hududni kezar ekan, "Bu yer bag'rimni ezadi, ammo qizimni so'ngi bor shu yerda ko'rdim," deydi. "Uni qanday unuta olaman..."

Amerikalik Eranti Mendis, dengiz to'foni kelayotgan paytda, onasi bilan Shri Lankada edi. Poyezdda bir qarindoshining to'yiga ketayotgan edi.

"Poyezdda ketayotgan edik…u birdaniga to'htab qoldi va odamlar baqira boshlashdi," deya hikoya qiladi bu ayol.

"Biz nima bo'ldiykin, deya derazadan qaradik. Poyezd birortasini urib yuborgandir, deb o'yladik. To'satdan yo'l yoqasidagi qishloq odamlari har tarafga yugura boshlashdi. Bir necha sekund o'tar-o'tmay, shiddatli suv to'lqini kelayotganini ko'rdik. Odamlar undan qochar edilar. Ko'z oldimizda, uylar vayron bo'layotgan edi; tomlar ag'darilayotgan edi. Odamlar suv ostida qolib ketdilar... Suv biz tomonga ham keldi... tizzamizgacha yetdi. Keyin asta sekin pasaya boshladi. Haqiqatda dahshatli hol edi... Keyin qarasak, ikkinchi to'lqin kelyapti… Men ham, onam ham, bu safar suvning shiddati uncha kuchli bo'lmasa kerak, dedik... Hamma yoqni suv bosa boshladi - tinimsiz kelayotgan suv… Vagon suvga to'ldi, hamma suv ostida edi… Onam ham, atrofdagi boshqalar ham suv tagida qolib ketdi… atrof jim-jit… vahimani ham eshitmay qoldingiz, chunki suv tagida hech narsa eshitilmaydi. Men bir amallab, yuqoridagi derazaga yetdim va unga osilishga urindim. Iloji boricha, deraza chetini mahkam ushlashga harakat qildim. Keyin poyezdning eshigi o'sha joyda ekanini ko'rdim. Bir amallab, tashqariga chiqishga muvaffaq bo'ldim."

Keyinroq Erantining onasini topishdi, ammo tirik holda emas...

Tsunamini boshdan kechirgan bir sayyoh esa ofatda bir ayolga yordam bera olmaganini aytadi:

"Yonimda bir qiz bor o'tirgandi, ismi Matilda edi, shekilli. Argentinadan ekan. To'fon urar ekan, qo'lidan tutishimni so'radi, men "yo'q" dedim. Chunki bunaqa paytlarda hech narsaga tayana olmaysiz. O'zingizning hayotingiz uchun kurashish eng muhim narsadek tuyuladi. Men uni qo'lidan ushlamadim. Navbatdagi to'lqin kelib, urgandan keyin, u qayta ko'rinmadi. Qaniydi, uning qo'lidan tutganimda, balki bu qiz tirik qolgan bo'lardi..."

AQSh fuqarosi, aslida esa shri-lankalik shifokor Roshini Rajapaksa ham tsunami urganda, ona yurtida edi. Dunyo jabrdiydalarga yordam qo'li cho'zib, chuqur sahovat ko'rsatmoqda, deydi u:

"Omadim bor ekan, tirik qoldim. Bu paytda insonlarning bir-biriga qanchalik mehribon va yaqin ekanini ko’rasiz. Tabiiy ofat bo'lganini televizorda ko'rib, “ men uzoqdaman, nima yordam ham qilardim” deb o'ylaydiganlar bor. Bu paytda, har narsaning yordami tegishi mumkin. Pul, kiyim, dori-darmon... har narsaning ahamiyati bor."

XS
SM
MD
LG