Breaking News

Yoga: nafaqat kattalar, balki kichkintoylar uchun ham sog'lomlik garovi


Olti oylik Milo qayerda ekani va nima qilayotganini bilmasligi mumkin. Ammo uni har hafta Vashington shahridagi yoga studiyasida mashq qildirishadi. Mazkur maskan yosh bolalarni jismoniy chiniqtirish bilan shug’ullanadi. Studiyada uch oylik chaqaloqlarni ham topasiz.

"Menimcha, yoga bolamning badanini bukiluvchan qilib, uning jismoniy qobiliyatini oshiradi,"-deydi to'rt oylik o'glini yogaga olib kelayotgan onalardan biri. "Noodatiy holatlarga bemalol kela oladigan bo’ladi."

Yoga o’qituvchisi Moira Klarkin deydiki, yoga mashg’uloti bolalarni ruhan tinchlantiradi, ularga orom bag’ishlaydi, ammo mashqlarda katta yoshdagilarning yordamiga muhtoj.

"Yoga ovqatning yaxshi hazm bo’lishida va ayniqsa, uxlashda katta yordam beradi. Bundan tashqari bola maza qiladi. Har bir mashg’ulot uning yoshiga, o’sish davriga mo’ljallangan," -deydi Klarkin xonim.

Masalan, sakrash va pastki holatlarda turish bolani ruhan tetiklashtiradi. Bel bilan bog’liq mashqlar oshqozon faoliyatini yaxshilaydi. Oyoqlarni bukiluvchan va uzun qiluvchi holatlar ham bor. Itsi Bitsi, ya’ni kichkintoy, deb ataluvchi yoga mashg’ulotlari asosan uch haftadan ikki yoshgacha bo’lgan bolalar bilan olib boriladi.

Dasturga yoga o’qituvchisi va yozuvchi Helen Garabediyan asos solgan. Uning nazarida, sog’lom bola kelajakda sog’lom inson demakdir.

Amerika pediatrlari akademiyasining sport tibbiyoti bo’yicha qo’mitasi raisi Erik Smol bu fikrga qo’shiladi. Jismoniy mashqlarni bola tug’ilishi bilan boshlash zarur, deydi u. Ammo, mashg’ulotlarda ehtiyot bo’lish lozim.

"Ba’zi mashg’ulotlarda o’qituvchining bolaning tizzasi yoki yelkasini qattiq burib, uning tanasini cho’zishga urinayotganini ko’rdim,"-deydi mutaxassis. "Bu tashvishlanarli hol. Bu bo’g’inlarni, tizza yoki yelkani sindirishi, chiqarib yuborishi mumkin. Nima qilishdan qat’iy nazar, bola bilan ehtiyot bo’lmasa bo’lmaydi. O’ylab ish tutish kerak. Odam bolalar sog’lig’i va o’sish davri haqida sal bo’lsa tasavvurga ega bo’lishi lozim."

Shunday bo’lsa-da, biz bilan suhbatlashgan ota-onalar unchalik tashvishda emaslar. "Bu bolani mustaqil qiladi, unga kuch bag’ishlaydi. O’glim boshqa bolalarga qo’shilishni yaxshi ko’radi. Shu bois bu juda foydali mashg’ulot,"-deya ta'kidlaydi o’g’lini ikki oydan beri mashq qildirayotgan Juliya Kamerata.

Mashg’ulot oxirida esa kichkintoylar, xuddi kattalar kabi, dam olishadi. Ammo, bolalar buni qanchalik tushunadilar?

"Hozir tushunmasliklari mumkin, ammo bola o’sgan sari, hordiq chiqarishni yoqtirayotganini, ruhan orom olayotganini anglay boshlaydi. Xuddi shu sababli, ularda yogani erta boshlagan ma’qul. Bolalar, biz o’ylagandan ham, aqlliroq,"-deya javob beradi o'qituvchi.

Mutaxassislarning aytishicha, kichkintoylar nima bilan shug’ullanayotganlarini bilmasliklari mumkin, ammo bunda eng muhimi - ularni sog’lom tarbiyalashdir.

XS
SM
MD
LG