Breaking News

Katta Sakkizlik davlatlari kambag'al mamlakatlar qarzidan kechdilar


Jahonning eng badavlat mamlakatlari iqtisodiy jihatdan qoloq mamlakatlarning 40 milliard dollardan ko'proq qarzini bekor qilishga kelishib oldilar.

Bunday qarorga Katta Sakkizlik guruhiga a'zo davlatlar Londonda bo'lib o'tgan ikki kunlik qizg'in muzokaralardan so'ng kelishdilar. Shunday qilib Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki hamda Afrika Taraqqiyot bankiga katta qarzga botgan jahonning 18 eng qarzdor mamlakatlari endi yengil nafas olsa ham bo'ladi.

Buyuk Britaniya moliyaviy tizimining yuqori lavozimli rasmiylaridan biri Gordon Braun, qo'shimcha yana 20 ta davlat oldiga qo'yilgan ba'zi shartlarni bajargan taqdirda qarzlaridan qutulishiga umidvor bo'lishlarini ta'kidlab o'tdi. Kelajakda mamlakatlar qarzga botishni odat qilmasliklari uchun, Braunning aytishicha, Katta Sakkizlikka a'zo mamlakatlar Xalqaro valyuta fondi hamda Jahon bankidan mamlakatlarda ochiqlikni ta'minlash, poraxo'rlikni yo'qotish va bu tashkilotlar ajratayotgan mablag'lar aynan kambag'allikni yo'qotishga ishlatilishini ta'minlash borasidagi hisobotni tayyorlashni so'radilar.

"Biz kambag'al mamlakatlar qarzlarining yuz foizidan kechishimiz mumkin, 2010 yilga borib yordamimiz hajmini ikki baravar ko'paytirishimiz mumkin," dedi Braun. "Biz Gleniglzdagi uchrashuvgacha ana shu maqsadlarga asta-sekin erishmoqdamiz."

Eslatib o'tamiz, keyingi oyda Shotlandiyaning Gleniglz shahrida Katta Sakkizlikka a'zo davlatlar rahbarlari o'zlarining navbatdagi sammitlarini o'tkazadilar.

XS
SM
MD
LG