Birlashgan Millatlar Tashkilotining chiqargan maxsus hisoboti o'tgan oyda bomba portlashi natijasida Livanda halok bo'lgan mamlakat sobiq Bosh vaziri Rafiq Xaririning o'limida ma'suliyatni Suriyaga yukladi. Hisobot Suriyani Xaririning o'limida bevosita ayblamasa ham, Livanda xavfsizlikning yo'qligida Suriyani javobgar tutdi.
Hisobotga, shuningdek, Xaririga yaqin ayrim odamlarning shohidliklari kiritilgan. Ularning aytishicha, Suriya Prezidenti Bashar al-Assad Xaririni Suriyadan begonalashmaslikka, aks holda unga jismoniy jazo qo'llanishi mumkinligi tog'risida ogohlantirgan.
Hisobot 14 fevralda bo'lib o'tgan va yana 14 kishining jonini olgan mash'um voqeaning yangidan maxsus xalqaro guruh tomonidan tergov qilinishi kerakligini tavsiya etdi.
Livan Prezidenti Emil Laxud Xaririning qotillari haqida o'rganishni BMTdan so'ragan. Suriyaning BMTdagi elchisi Faizal Mekdad hisobotni "bir tomonlama" deya rad etdi.
Biroq BMT Bosh kotibi Kofi Annan tergov guruhining ishini qo'llab-quvvatladi. Tez orada BMT Xavfsizlik Kengashining yangi tergov guruhini tuzish bo'yicha rezolutsiyani qabul qilishi kutilmoqda.