Siyosiy tanazzul bilan yuzlashgan Livanda prezident Mishel Sulaymon yangi hukumat tuzishga doir muzokarani bir haftaga qoldirgan. Uchrashuv bugun boshlanishi kutilgan edi.
Sobiq bosh vazir, 2005 yilda o’ldirilgan Rafiq Haririy o’limini tergov qilish bilan bog’liq bu tanglikni endi Suriyada uchrashayotgan arboblar, regional yetakchilar hal qilishi kerak.
O’tgan hafta Hizbulloh guruhi va unga moyil partiyalar a’zolari koalitsion hukumatni tark etgan.
Shu tariqa Bosh vazir, qayta saylanishga urinayotgan Saad Haririyni qo’llab-quvvatlashdan bosh tortgan. Natijada hokimiyat tarqalish yoqasida. Saad Haririy marhum Rafiq Haririyning o’g’li.
Radikal qarashlari bilan tanilgan Hizbulloh avval ham bu arbobni yoqlamagan. “Biroq koalitsiya tuzishga rozi bo’lgan edik”, - deydi Nasrullo.
“Bu safar, qariyb bir yarim yillik tajriba asosida aytishim mumkin, bosh vazir lavozimiga boshqa nomzodni ko’rsatamiz”, - deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti sunniy arbob Rafiq Haririy ishini tergov qilib keladi. Ayblov tez kunda e’lon qilinishi kerak. Hizbulloh a’zolari Haririy o’limiga aloqadorlikda ayblanib, javobgarlikka tortiladi degan taxminlar bor.
Hizbulloh bu tergovga qarshi.
“Sobiq bosh vazir hayotiga uyushtirilgan suiqasdga aloqamiz yo’q va jarayon Isroilning siyosiy fitnasi va yolg’onga asoslangan” deydi Nasrulloh.
Hizbulloh talabi shu ediki, Saad Haririy BMT tergovini rad etib, livanlik sudyalarni ham, sud uchun ajratilgan mablag’ni ham qaytarib olishi kerak.
Biroq Saad Haririy bu shartga ko’nmagach, Livanda Hizbulloh va unga xayrixoh 11 vazir ishdan bo’shab, mamlakat siyosiy beqarorlikka yuz tutdi.
Suriya va Eron Hizbullohni yoqlasa, Bosh vazir yetakchi Saad Haririyning sunni-xristian koalitsiyasi G’arb va Saudiya Arabistoni bilan yaxshi aloqada.
Tahlilchilar fikricha, mamlakatda partiya va siyosiy kuchlar o’rtasidagi chuqur kelishmovchilik mintaqada, davlatlar o’rtasida mavjud ziddiyatni aks ettiradi.
Livan ahli bi ixtilof shia va sunniy adovatini yanada avj oldiradi, deya qo’rquvda.
Suriya, Turkiya va Qatar rasmiylari bugun Damashqda uchrashib, Livandagi tanazzulni muhokama qilmoqda. Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyib Erdog’an bugun majlisda so’zlar ekan, “Livan yana beqarorlik girdobiga cho’mishiga yo’l qo’ya olmaymiz” dedi.