Breaking News

Falastin rahbari Vashingtonda


Oq uy, 17-mart, 2014
Oq uy, 17-mart, 2014
Falastin prezidenti Mahmud Abbos bugun Vashingtonda AQSh prezidenti Barak Obama bilan uchrashdi. Isroil va Falastin rahbarlari o’tgan yoz tinchlik muzokaralarini jonlantirib, 29-aprelgacha bitim imzolashga kelishgan edi. Biroq jarayon sust kechmoqda.

"Isroil-Falastin mojarosini hal etish ko'p jihatdan Yaqin Sharqda tinchlikni ta'minlash degani", - deydi Obama.

"Maqsad - tinchlik va mustaqil davlat sifatida oyoqqa turish", - deydi Abbos.

Amerika bu pozitsiyani qo'llab-quvvatlaydi.

Tomonlar Quddus shahri maqomi, falastinlik qochqinlar taqdiri, bosib olingan yerlardagi yahudiy posyolkalari, xavfsizlik va bo’lajak Falastin davlati chegaralari xususida kelishishi kerak.

Uchrashuvda AQSh davlat kotibi Jon Kerri ham qatnashgan. Kerri yaqin kunlarda vositachilik harakatlarini kuchaytiradi.

"Murosa qilish oson emas, biroq tinchlikka erishishni istasak, ayrim murakkab siyosiy qarorlarni qabul qilishga to’g’ri keladi", - dedi Obama Falastin prezidentiga.

Kerri Abbos bilan alohida uchrashib, jarayonni jadallashtirish xususida fikr almashgan.

Isroil kelishuvga ko’ra, o’z qamoqxonalaridan falastinlik mahbuslarni chiqarishga rozi bo’lgan. Shu kungacha bir nechtasi ozod bo’ldi.

"Isroil 29-martgacha qolganlarini ham qo’yib yuborishi lozim, shundagina uning tinchlik jarayoniga jiddiy yondashganiga amin bo’lamiz", - dedi Mahmud Abbos.

Obama Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ikki hafta oldin uchrashgan. Qo’shma Shtatlar har ikki tomonni murosa qilishga chaqirmoqda, biroq bitim imzolanishiga umid kam.

Falastin 1967-yil chegarasiga qaytishni va Sharqiy Quddusni o’z poytaxti sifatida ko’rishni istaydi. Isroil eski chegaralarga qaytmoqchi emas va Quddusning bo’linishiga qarshi.

Isroil Falastindan uni yahudiy davlati sifatida tan olishga chaqirib keladi. Biroq Mahmud Abbosning aytishicha, bu holda isroillik arablarning huquqlari buziladi va hozirgi Isroilni o’zining tarixiy vatani sifatida ko’ruvchi falastinlik qochqinlar u yerga qaytolmasligi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG