Breaking News

Falastin yerlarida ishlangan yahudiy mahsulotlariga boykot


Iordan daryosining G'arbiy sohili - Isroil istilosidagi hudud
Iordan daryosining G'arbiy sohili - Isroil istilosidagi hudud
Falastin hududlarida Isroil kompaniyalariga qarshi boykot kuchaygan. Bu bilan kurashish uchun Isroil hukumati 100 million dollar ajratmoqda. Boykotga Yevropa davlatlari ham qo’shilmoqda.

Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi Al-Azariya shahri Quddusga yaqin joylashgan. Ishchilar avtobusga o’tirib, yahudiylar posyolkasidagi zavodga ishga otlanmoqda. Korxonada gazli suv ishlab chiqaruvchi apparatlar tayyorlanadi. Aholi ulardan keng foydalanmoqda, zavodning bozori chaqqon, ammo so’nggi paytda ishchilar bezovta bo’la boshlagan.

G’arbiy sohildagi yahudiy posyolkalari noqonuniy bo’lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ularni Isroilning hududi sifatida tan olmaydi. Shu sababdan u yerda ish qiluvchi Isroil kompaniyalariga qarshi xalqaro miqyosda boykot kuchaymoqda.

Ahmad ismli ishchi sakkiz oydan beri mehnat qiladi. Ishimni yaxshi ko’raman, puli, sharoiti yaxshi, ammo ishlab chiqarish to’xtagan, soatlarimni kesishdi, deydi u.

"Boykotga qarshiman. Axir ishchilar arabku, ishsiz qolamiz. Urush katta odamlar o’rtasida kechyapti, ishchilar yoki yoshlar unga aralashgani yo’q", - deydi Ahmad.

Kompaniya rahbariga ko’ra, zavodda 500 dan ziyod falastinlik hamda isroillik yahudiylar va arablar ishlaydi.

"Hammasi birga ishlaydi. Jami 1200-1300 ishchimiz bor. Ikki jamoa vakillarining mintaqada yonma-yon tinchlikda yashashi uchun o’z hissamizni qo’shayotganimizdan faxrlanamiz", - deydi Daniel Birnbaum.

Isroilga qarshi e’lon qilingan boykotga yaqinda Daniyaning yirik nafaqa jamg’armasi, Germaniya banklari va Amerikadagi bir necha ilmiy dargohlar qo’shildi. Ular istilo qilingan Falastin hududlarida ishlangan mahsulotlarni eksportga chiqarishdan oldin Isroildan ularga maxsus tamg’a qo’yishni talab qilmoqda. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumati boykotdan g’azabda.

"Isroil davlatiga boykot e’lon qilish ma’naviyatsizlikning o’zginasi. Bu ishni oqlab bo’lmaydi, izoh yo’q. Ular o’z murodiga yeta olmaydi baribir. Bu bilan ular falastinliklarni muzokaralarda shart qo’yishga, oyoq tirab olishga majburlaydi va muloqot samara bermasligi mumkin", - deydi bosh vazir.

Boykot harakatining mahalliy yetakchilaridan biri Umar Barg’utiyning aytishicha, oxir-oqibatda o’z huquqlarini qo’lga kiritish uchun falastinliklar bir oz chidashiga to’g’ri keladi.

"Albatta, hozir Isroil nazoratidamiz. Isroil boykotdan zarar ko’rsa, biz ham aziyat chekamiz. Ammo butun Falastin jamiyati erkinlik, adolat, tenglikka erishish uchun bunga tayyor", - deydi faol.

Zavodning falastinlik ishchilari yahudiy posyolkalarga qarshimiz, ammo boykot oilalarimiz hayotini og’irlashtiradi, deydi. Muhammad ismli bir suhbatdosh bank va moliya sohasida mutaxassis bo’lishiga qaramay, korxonada oddiy ishchi sifatida bir necha yil mehnat qiladi.

"Bu yerdan boshqa ish yo’q bizga. Agar posyolkadan tashqarida ish bo’lganida edi, borardik. Ammo posyolkaning atrofi ham Falastin yerlari. Isroildan nafaqat posyolkalardan, balki butun yerlarimizdan chiqishini so’raymiz", - deydi Muhammad.

Quyosh chiqishi bilan so’nggi avtobus ishchilarni zavodga olib ketmoqda. Odatda ular 12 soat ishlab qaytardi. Boykot e’lon qilingach smena qisqarishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG