Breaking News

Afg'onistonlik o'zbek tabibi pesni davolamoqda


Afg'onistonlik o'zbek tabibi Najiba Dohiy
Afg'onistonlik o'zbek tabibi Najiba Dohiy

Zamonaviy tibbiyot ancha rivojlangan bo’lsa-da, Afg’onistonda hanuz qadimgi yunon tabbiyotidan, o’simliklardan tayyorlanadigan dorilardan foydalanuvchi odamlar ko’p. Shu sohada tajribaga ega shaxslar va o’simliklardan tayyorlangan dori-darmon sotuvchi do’konlar ham mavjud. “Amerika Ovozi” shu sohada ishlayotgan farmatsevt-tabib bilan suhbatda bo’ldi. Najiba Dohiy ismli bu mutaxassis teri kasalliklarini davolaydi. Hatto pes dardiga ham davo topgan.

Andxuylik Najiba Dohiy Juzjon viloyatining “Qizil Yarim Oy” muassasasida ishlaydi. Rasmiy ishdan bo’shagach uyida teri kasalliklarini davolash bilan shug’ullanadi. Besh yildan beri shu sohada faoliyat yuritadi.

Najida Dohiy husnni buzuvchi oq dog’lar sababli jamoatchilikka qo’shila olmaydigan, pes kasalligiga chalingan ayollarga yordam berib kelmoqda. Uning oldiga hozirgacha 1000 dan oshiq odam shu darddan forig’ bo’lish uchun kelgan. Qora dog’lar va boshqa teri kasalliklari muolajasi uchun ro’yxatdan o’tganlar ham shu atrofda.

Farmatsevt Najiba Dohiy shu sohada ilmiy izlanish olib borgan. O’simlik va ulardan tayyorlangan dorilarning sir-asrorini o’rgangan. Odamlarga foydam tegayotganidan xursandman, deydi u.

“Ba’zi xotin-qizlar oq dog’lari bo’lgani sabab bayram-navro’zlarga, to’y-marosimlarga borolmaydi. Shu kasallik sababli hatto o’zini o’ldirmoqchi bo’lgan ayollar ham bor. Ularga shuni aytamanki, bu yuqumli emas, aybi yo’q. Terining rangi o’zgargan, xolos. Hozir muolajasi ham bo’lib turibdi. Hindiston, Qozog’istonda xolamning o’gillari, biri doktor, dorilarni o’sha joylardan olib keladilar, keyin o’zim qo’shaman. Ham ayollar, ham erkaklar murojaat qiladi. 1160 kishi oq kasallik uchun ro’yxatdan o’tgan. Sochi to’kilganlar, qora dog’ va boshqa kasallik uchun ham 1000 dan ziyod odam ro’yxatdan o’tgan. ”,-deydi Najiba Dohiy.

Ayollar o’zlarining qiyinchiliklarini erkak doktorlarga borib ayta olmaydi, hatto ayol shifokorlarga ham. Shifokor Najiba Doiyning oldiga uzoq-yaqindan kasallar murojaat qilib turadi. O’zim tayyorlayotgan dorilarni xorijga ham yetkazib turibman deydi u. Tabibning aytishicha, odamlar birinchi bo’lib ruhiy tomondan xotirjam bo’lsagina dori ham shuncha tez ta’sir qiladi.

“Bu tuzaladigan narsa, teringizga kelgan mehmon, yaxshi bo’ladi deb birinchida ruhiy jihatdan, keyinchalik dori bilan darmon qilaman. Har yerdan keladi odamlar. Ko’prog’i Saripul, Faryob, Daykundiy, Kapiso, Bomiyon viloyatlaridan ham kasallar keladi. Shvetsiya, Hindiston, Pokistonga borib tuzalmay kelgan odamlar ham bor, mening dorilarim ularga ta’sir qilgan, 90 foizi yaxshi bo’lgan. Xorijga ham dori jo’nataman, har uch oylik dorini olib ketishadi”, - deydi u.

Shifokor hanuzgacha dorilarni tayyorlash va ularni iste’mol qilish sir-asrorini hech kimga aytmagan. Hatto o’z farzandlariga ham. Lekin qizlarim o’qishni bitirib bo’lgach, ularni oldimga shogird olaman, mendan so’ng ular xalqqa xizmat qilsin, deydi u.

“Teri mutaxassislarining o’zlari ham menga odamlarni yuborishadi. Ishimdan hamma rozi, lekin joyim yaxshi emas, xarobada ishlab turibman. Boshqalardek imkoniyatga ega emasman, klinikam yo’q, iloji boricha, harakat qilib turibman... Shu narsaning sir-asrorini hechkimga aytmaganman. Kechalari yolg’iz o’zim bir xonada o’tirib soat sakkizdan soat birgacha dori tayyorlayman, muzlatgichga qo’yaman va ertasi kasallarga bo’lib beraman”,- deydi shifokor Najiba.

Agar imkoniyat yaratib berilsa, klinika tuzatib, ishlovchilar olib faoliyatlarimni kengaytirmoqchiman, deydi farmatsevt-shifokor Najiba Dohiy.

Uninig oldiga kelgan odamlar ham ishidan rozi. Sari Pul viloyatidan kelgan bir qiz badanidagi oq dog’larni yo’qotish uchun ko’p shifokorlar oldiga borganini aytadi, lekin dori hech qanday ta’sir qilmagan. Najiba Dohiyning dorilari dog’larimni yo’qotayapti deydi u.

“Pokistonga, boshqa mamlakatlarga borib keldim, lekin hech biridan foyda ko’rmadim. Dugonalarim shifokor Najibaning oldiga kelib ketgan ekan. O’shalar menga tavsiya qilishdi. Hozir yaxshiman, dorilar ham ijobiy ta’sir qilgan. Shu yaqinda dorilarim tugab, butunlay sog’ayib ketaman. Menga qarashgan Najiba Dohiyga minnatdorchiligimni bildiraman. Meni katta g’amdan qutqazdi, deydi ismini aytishdan uyalgan saripullik ayol.

XS
SM
MD
LG