Breaking News

Qunduzda 33 nafar tinch aholi vakili halok bo'ldi


Shimoliy Afg'onistonda noyabr boshida o'tkazilgan qo'shma harbiy amaliyotda 33 nafar tinch aholi vakili baxtsiz tasodif tufayli o'ldirilgan va yana 27 nafari yaralangan.

Qunduz viloyatining Bo'z qishlog'ida amalga oshirilgan reyd natijasida o'nlab uylar vayron qilingan. Afg'oniston va AQSh harbiylari hamkorlikda o'tkazgan reyddan maqsad Tolibon yetakchilarini qo'lga olish bo'lgan.

"O'zlarini va afg'on kuchlarini himoya qilish uchun AQSh harbiylari aholi uylaridan turib hujum qilayotgan Tolibonga o't ochdi", - deyiladi AQSh harbiylari chiqargan bayonotda.

Afg'oniston maxsus kuchlari bir guruh amerikalik askarlar yordami bilan Qunduzdagi Tolibon manziliga yetib kelganda isyonchilar aholi uylaridan turib hujum boshlagan.

"AQSh va afg'on kuchlari o'zlarini himoya qilish uchun havodan yordam so'rashga majbur bo'ldi", - deydi AQSh rasmiylari.

Bo'lib o'tgan fojea uchun harbiylardan hech kim javobgarlikka tortilmaydi. Chunki ular o'zlarini mudofaa qilish uchun qarshi hujumga o'tgan, deyiladi bayonotda.

Otishmada ikki AQSh askari, uch afg'on harbiysi hamda 26 nafar Tolibon vakili, jumladan, ularning qo'mondoni halok bo'lgan.

Amaliyot paytida isyonchi guruhning o'q-dori ombori portlab ketgan. Shuning oqibatida ham ko'plab oddiy fuqarolar o'lgan bo'lishi mumkin.

Tolibon da'vosiga ko'ra, reyd paytida bu hududda guruhning faqat uch nafar a'zosi bo'lgan.

2015-yil Qunduzda amalga oshirilgan AQSh havo hujumida "Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti boshqargan kasalxona hujumga uchrab, 40 kishi, jumladan, 24 bemor va 14 nafar kasalxona xodimi halok bo'lgan, yana 40 kishi yaralangan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG