Breaking News

Afg'oniston Xitoyning aksil-terror uyushma tuzish taklifini olqishladi


Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'aniga Xitoy taklifi ma'qul kelgan
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'aniga Xitoy taklifi ma'qul kelgan

Xitoy harbiy rahbari, general Fan Fenxuey Afg’oniston poytaxti Kobulda to’rt davlat ishtirokida aksil-terror uyushmasini tuzish haqida muzokara olib bordi.

Bu davlatlar - Xitoy, Pokiston, Afg’oniston va Tojikiston. Uulardan uchtasi Xitoyning Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati bilan chegaradosh.

Uyg’urlar 1990-yillarning boshidan beri kattaroq siyosiy va diniy mustaqillik talab qilib keladi.

Pokiston, Afg’oniston va Tojikiston so’nggi yillarda diniy ekstremizmga yuz tutmoqda.

Afg’oniston prezidenti so’zlovchisi Sayid Zafar Hoshimiyning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Xitoy harbiy rasmiysi Kobuldan uyushmaga qo’shilishni so’ragan.

“Prezident [Ashraf] G’ani taklifni ma’qulladi”, - deydi u. Afg'on rahbari, shuningdek, terrorchilarni “yaxshi va yomon"ga ajratib o'tirmaslik kerak, deya eslatgan.

Rasmiy Kobul anchadan beri Islomobodni Pokiston ichida terrorchilarga qarshi kurashib, Afg’oniston hududida jang qilayotganlarga e’tibor bermaslikda ayblab keladi. Pokiston esa bunday iddaolarni inkor etadi.

AQSh munosabati

“Amerika Ovozi”ning savoliga javoban AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Xitoy va boshqa mamlakatlarning Afg’onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga qaratilgan barcha urinishlarini Vashington qo’llab-quvvatlaydi, deb aytdi.

“Qo'shni Xitoy Afg’onistonning kuchli, barqaror va terrorizmdan xoli bo’lishidan manfaatdor. Bilishimizcha, Prezident G’ani alyans tuzish taklifini ijobiy baholagan. Afg’onistonni farovon va barqaror davlatga aylantirishga qaratilgan barcha sa'y-harakatlarni olqishlaymiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Yangi mexanizm

Yangi aksil-terror mexanizmiga oid batafsil ma’lumotlar hozircha yo’q. To’rtta davlat mintaqada terrorizm tarqalayotganidan xavotirda. Xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan olib chiqilgach, xavotirlar kuchaydi.

Afg’onistonlik siyosiy tahlilchi Matiulla Abbosin fikricha, Xitoy taklifi ortidagi asl sabab - Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatidagi vaziyat.

“Afg’onistonda Tolibondan tashqari Markaziy Osiyoni nishonga olayotgan “Islomiy davlat” guruhi ham xavotirlarga sabab bo’lmoqda. Bu Xitoyni ham tashvishlantiradi. Shuning uchun Pekin terrorizmga qarshi mintaqaviy miqyosda kurashish kerak, demoqda”, - deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG